Qashqadaryo xabarlari – qisqa satrlarda
Kitob tumanida uzum hosilini yig‘ish ishlari o‘zining avj pallasiga chiqdi.
Tumandagi Parchakent mahallasining asosiy drayveri bog‘dorchilik va tomorqachilik. Ayni vaqtda bu yerda 200 gektardan ortiq tokzorlarda uzum hosili yig‘ishtirib olinmoqda. Shu munosabat bilan tuman hokimi Rustam G‘afurov mazkur jarayonlar bilan yaqindan tanishish maqsadida mahalliy dehqonlar bilan muloqot qildi.
Muloqot davomida tuman rahbari hududda eksportbop uzum navlarini ko‘paytirish va bu orqali aholi daromadini yanada ko‘paytirish bo‘yicha o‘zining bir qator tavsiyalarini berdi.
Ma’lumot o‘rnida: ayni vaqtda Kitob tumanida fermer xo‘jaliklari tomonidan 3,3 ming gektar maydonda uzum yetishtirilgan bo‘lib, bu tarmoqda ko‘plab aholi doimiy va mavsumiy ish bilan band bo‘lmoqda.


***
Qarshi shahrini har tomonlama qulay va jozibador qilish bo‘yicha yangi loyihalar taqdimotlari o‘tkazilmoqda.
Loyihalardan ko‘zlangan asosiy maqsad shahar hududini yanada yashillikka burkash, kommunal sohalardagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash hamda “Yangi O‘zbekiston” massivi hududida aholiga mos bo‘lgan ko‘p qavatli uy-joylar va madaniy dam olish maskanlarini qurish ishlarini tizimli tashkil etishdir.
Markaziy ko‘chalarni qayta ta’mirlash, dunyo talablariga javob beradigan suv sport kompleksi qurilishi kabi o‘nlab istiqbolli loyihalar ham amalga oshirilmoqda.
Viloyat hokimi Murotjon Azimovning ta’kidlashicha, mustaqilligimizning 33 yilligi oldidan voha bo‘ylab yuzlab ijtimoiy ob’ektlar, turarjoy binolari, ko‘prik va yo‘llar foydalanishga topshiriladi.


***
Qarshi shahri markazidagi ayrim ko‘chalarga asfalt yotqizish ishlari boshlandi.
Prezidentimizning 2023 yil 24-25-oktyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlari va kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan 35-sonli yig‘ilish bayonining tegishli bandi ijrosini ta’minlash maqsadida 105 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, Qarshi shahrining 32 kilometr uzunlikdagi 6 ta markaziy – Islom Karimov, Mustaqillik, Nasaf, Alisher Navoiy, Amir Temur, Xonobod ko‘chalariga asfalt yotqizish ishlari amalga oshirilishi xabar qilingan edi.


Ayni paytda shahar markazidagi Amir Temur ko‘chasiga asfalt yotqizish ishlari boshlanib, bu yerda 60 ga yaqin maxsus texnika ishlamoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri