Qashqadaryo xabarlari – qisqa satrlarda
Qashqadaryoda viloyat rahbari boshchiligida sektorlar rahbarlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida 24 nafar chin yetim yoshga xonadonlar kalitlari topshirildi.
– Niyatimiz ular mana shu xonadonlarida, ya’ni Vatan ichidagi kichik vatanlarida baxtli oila qurib, ezgu orzu-niyatlariga yetib yashasin. Bilimi, kasb-hunari bilan el koriga kamarbasta bo‘ladigan, yurtga sodiq insonlar bo‘lib kamol topishsin, – dedi viloyat hokimi Murotjon Azimov o‘z tabrigida.


Uy-joylar kalitini tantanali topshirish marosimida so‘z olgan yoshlar Prezidentimizga o‘z minnatdorchiligini bildirib, kelajakda Vatanimizga xizmat qiladigan yetuk insonlar bo‘lib yetishishga va’da berdi.
***
Muborak tumanida kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida bir qator ishlar qilinmoqda.

Jumladan, Muborak tumani markazida “Muslima Bravissimo” MCHJ rahbari tadbirkor Mehriniso Yashuzakova “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi doirasida bankdan 700 million so‘m kredit olib, tadbirkorlik faoliyatini yanada kengaytirdi.

Endilikda tadbirkor tomonidan novvoychilik, qandolatchilik, tikuvchilik sexlari, o‘quv kursi tashkil etilib, 40 nafarga yaqin yangi ish o‘rni ochilib, jami 60 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi.
Kuni kecha ushbu MCHJning yangi binosi foydalanishga topshirildi.
***
Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Shahrisabz tuman bolalar shifoxonasiga rivojlangan xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan umumiy qiymati 2,5 milliard so‘mdan ziyod bo‘lgan zamonaviy jarrohlik va jonlantirish uskunalari keltirildi.

Ushbu uskunalarda jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli amalga oshirish imkoni ortadi. Qolaversa, bolalarda qorin bo‘shlig‘i bilan bog‘liq jarrohlik amaliyotlari tig‘ tekkizmasdan amalga oshiriladi. Bu uskunalar Qashqadaryoda yagona hisoblanadi.

Davolanayotgan bolajonlarga bayram munosabati bilan viloyat hamda tuman hokimligining esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘lmas Barotov,
O‘zA muxbiri