Qashqadaryo viloyatida tuxum eksport qilinmoqda
Keyingi yillarda Qashqadaryo viloyatida ham go‘sht, sut va tuxum yetishtirish hajmi bir necha barobar oshdi. Mazkur yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgan ishlab chiqaruvchilarning ko‘payib borayotgani o‘sish sur’ati barqaror bo‘lishiga zamin yaratmoqda.
Keyingi yillarda Qashqadaryo viloyatida ham go‘sht, sut va tuxum yetishtirish hajmi bir necha barobar oshdi. Mazkur yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgan ishlab chiqaruvchilarning ko‘payib borayotgani o‘sish sur’ati barqaror bo‘lishiga zamin yaratmoqda.O‘tgan yilda viloyatda parrandachilik sohasida 160 dan ortiq istiqbolli loyiha hayotga tatbiq etildi. Joylarda tuxum va tovuq go‘shti yetishtirishga ixtisoslashgan yangi tadbirkorlik subyektlari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi, ishlab turgan korxonalar quvvati kengaytirilishi va modernizatsiya qilinishi samarasida tarmoqda mahsuldorlik yanada oshmoqda, tannarx arzonlashmoqda. Natijada ichki iste’moldan ortgan mahsulotni eksport qilish imkoniyati yaratilmoqda. 2016-yil viloyat ishbilarmonlari tomonidan tashqi bozorga qariyb 200 ming AQSh dollari miqdoridagi tuxum eksport qilindi. Bu jarayonda ularga bojxona xodimlari yaqindan yordam bermoqda.
– Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga keng imkoniyatlar yaratilmoqda, – deydi “Kitob” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti boshlig‘i Xurshid Mirzayev. – 2016-yilda eksport qilingan 200 ming dollarlik tuxum bojxona yuk deklaratsiyalari to‘liq elektron tarzda masofadan turib rasmiylashtirildi. Bu tadbirkorlarning vaqtini tejash imkoniyatini yaratdi.
Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda tuxum eksporti hajmi bir necha barobarga oshdi va yanvar oyining o‘zidayoq qiymati 438 ming dollarlik tuxum eksport qilindi.
– Shu vaqtga qadar mahsulotimizni ichki bozorga sotgan bo‘lsak, endilikda uning bir qismini eksportga yo‘naltirish imkoniyatiga egamiz, – deydi Yakkabog‘ tumanidagi “Kumush kuz fayzi” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Maqsud Kamolov. – O‘tgan yili afg‘onistonlik hamkorlarimizga 60 ming dollarlikdan ziyod tuxum yetkazib berdik. Ushbu hamkorligimiz joriy yilda ham davom etadi.
Shahrisabz tumanida faoliyat yuritayotgan “Eko parranda” mas’uliyati cheklangan jamiyati bundan besh yil avval tashkil etilgan. Tadbirkorlik subyekti o‘tgan davrda sezilarli rivojlanishga erishdi. Ayni paytda korxona fabrikasida boqilayotgan tovuqlar soni 80 ming boshga yetgan. “Xay-layn” zotiga mansub bu tovuqlar kasallikka chidamliligi va mahsuldorligi bilan ajralib turadi.
– Fabrikamizda tovuqlarni oziqlantirishdan tortib tuxumlarni yig‘ib olishgacha bo‘lgan barcha jarayon avtomatlashtirilgan holda bajariladi, – deydi korxona rahbari Muhiddin Umidov. – Kuniga o‘rtacha 10 ming dona tuxum olinadi. Tez orada qiymati 1 million dollardan ortiq qo‘shimcha loyihani amalga oshirish bo‘yicha ishlarni yakunlaymiz. Natijada fabrikamizda boqiladigan tovuqlar soni 120 ming boshga ortadi, 30 yangi ish o‘rni yaratiladi. Olinadigan tuxum salmog‘i ko‘payadi.
Tadbirkorning qayd etishicha, ushbu korxona ham o‘tgan yildan boshlab tuxum eksport qilishga kirishgan. Afg‘oniston davlatidagi “Ixlos Ltd.” firmasi tomonidan 107 ming dollarlik mahsulot xarid qilingan. Hamkorlar joriy yilda 7 million dona tuxum yetkazib berish bo‘yicha kelishuv imzolagan.