Qarzdor korxonaning mol-mulki xatlandi
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida imtiyozli kreditlar ajratilishi ham yo‘lga qo‘yilgan. Biroq, mas’uliyatsizlik, imkoniyatlarni to‘g‘ri baholamaslik va huquqiy madaniyat yetishmasligi sabab banklar bilan tuzilgan shartnoma shartlariga rioya qilmaslik holatlari uchrab turibdi.
Shartnoma shartlari buzilganligi bois bank kredit foiz qarzi va ajratilgan kreditni muddatidan oldin to‘liq undirish bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritishi mumkin. Garov mulki asosida olingan kredit qarzdorligi to‘liq bartaraf qilinmagan taqdirda esa undiruv garov mulkiga qaratiladi.
Shartnoma shartlariga rioya qilmaslik mijozga qo‘shimcha harajat, tashvish va muammolar olib kelishi tabiiy holat.
Ish yurituvdagi banklar foydasiga hal qilingan sud qarorlari ijrosini ta’minlash borasida Byuro xodimlari tomonidan samarali ishlar qilinmoqda. Misol uchun fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati G‘ijduvon tuman sudining 2021 yil 6 sentyabrdagi ijro varaqasiga asosan undiruvchi Savdo-sanoat palatasi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB To‘qimachilik filiali foydasiga qarzdor “Qayroq Tosh” MCHJdan jami 569.385.86 AQSH dollari miqdorida kredit qarzdorligi undirish, undiruvni garovga qo‘yilgan mazkur MCHJga tegishli mol-mulklarga qaratish to‘g‘risidagi ijro hujjati Byuroning G‘ijduvon tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro harakatlariga kirishilgan.
Ijro harakatlari davomida “Qayroq Tosh” MCHJga tegishli garovga qo‘yilgan mol-mulklar xatlanib, elektron savdo maydonchasi orqali savdoga chiqarish choralari ko‘rilgan.
Shuningdek, bo‘lim davlat ijrochilari tomonidan joriy yilning ferval oyida olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida “Qayroq Tosh” MCHJga tegishli bo‘lgan 2019 yilda ishlab chiqarilgan, “HOWO” rusumli yuk tortuvchi avtotransport vositasi tegishli tartibda xatlangan. Jinoyat kodeksining 233-moddasi talablari, ya’ni band solingan yoxud garovga qo‘yilgan mulkni ishonib topshirib qo‘yilgan shaxs tomonidan qonunga xilof ravishda o‘zlashtirish, rastrata qilish, yashirish, nobud qilish yoki unga shikast yetkazilganda jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida tushuntirilib, MCHJ rahbariga topshirilgan.
Kredit qarzdorligi belgilangan muddatda bartaraf qilinmagan, mazkur avtotransport vositasini elektron savdo maydonchasi orqali savdoga chiqarish va avtomashina sotuvidan tushgan mablag‘larni kredit qarzdorligini bartaraf qilishga yo‘naltirish choralari ko‘riladi.
Hozirda, MCHJga tegishli garovga qo‘yilgan boshqa mol-mulklarni xatlash borasidagi ijro harkatlari davom ettirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA