Qarshida ham ehtiyojmand oilalardan xabar olindi
Bugun Prezidentimiz tashabbuslari bilan 1 million soʻm moddiy yordam puli, hokimiyat vakillari tomonidan esdalik sovgʻalari berildi.
Qarshi shahrida Qurbon hayiti munosabati bilan xayrli ishlarga qoʻl urilib, koʻplab ijtimoiy yordamga muhtoj insonlar holidan xabar olindi.
Qarshi shahar hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, birgina “Saxovat va koʻmak” fondi orqali Qarshi shahridagi 2000 ta ehtiyojmand oilaga 1 million soʻmdan moddiy yordam pullari tarqatilgan.
Shaharning Shohbekat mahallasida oʻtkazilgan xayriya tadbirida viloyat hokimi Zoir Mirzayev ishtirok etib, ehtiyojmand oilalar vakillari Qurbon hayiti bilan qutladi.
Mahallada yashovchi ehtiyojmand, nogironligi bor, boquvchisini yoʻqotgan 50 dan ortiq oilaga viloyat va Qarshi shahar hokimlari tomonidan “Saxovat va koʻmak” fondi orqali 1 million soʻmdan moddiy yordam pullari hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.
- Xoʻjayinim vafot etgan. Toʻrt nafar voyaga yetmagan farzandim bor, - deydi Dilfuza Xoʻjamurodova. – “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari oʻz vaqtida yetkazilib turibdi. Bugun Prezidentimiz tashabbuslari bilan 1 million soʻm moddiy yordam puli, hokimiyat vakillari tomonidan esdalik sovgʻalari berildi. Mana shunday ogʻir sinovli kunlarda bizni qoʻllab-quvvatlab, juda katta yordam berayotgani uchun davlatimiz rahbaridan minnatdormiz.
Bundan tashqari Qarshi shahar sektor rahbarlari tashabbusi bilan ehtiyojmand, boquvchisini yoʻqotgan, nogironligi boʻlgan oilalarga qoʻshimcha daromad sifatida qoramol, qoʻy, tovuq va quyon tarqatildi.