Qarshi-Toshkent yo‘li bo‘ylab yashil makon
Prezident tashabbusi – amalda
Qashqadaryoda “Yashil makon” umummilliy harakati doirasidagi ishlar jadallik bilan olib borilmoqda.
Xususan, viloyat rahbari tashabbusi bilan Qarshi shahridan Ko‘kdala tumani markazigacha boradigan 50 kilometr masofadagi yo‘lning har ikki tomoniga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish ishlari boshlab yuborildi. Ushbu yo‘l yoqasiga 60 ming tup ko‘chat ekish rejalashtirilgan.


Mazkur ekologik xayrli tadbir viloyat hokimi Murotjon Azimov boshchiligidagi sektor rahbarlari, nuroniylar, yoshlar, mahalla yettiligi va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida boshlab berildi.
Gap shundaki, ushbu yo‘l bo‘ylab har yili ko‘chat ekish ishlari amalga oshirib kelinadi, ammo yozning jaziramasida ekilgan ko‘chatlarning aksariyat qismi suvsizlikdan nobud bo‘ladi. Shu bois joriy mavsumda ekilgan ko‘chatlar tomchilatib sug‘orish texnologiyalari asosida sug‘oriladi. Natijada ko‘chatlarning yashab qolish imkoniyati kengayadi.


Prezidentimiz tomonidan boshlangan ushbu tashabbus doirasida o‘tkazilgan tadbir ishtirokchilari bir yoqadan bosh chiqarib, daraxt ko‘chatlarini yerga qadab, kelajak avlodga yashil va barqaror muhit yaratishga o‘z hissalarini qo‘shmoqda.


O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri