Qarshi shahrida bu yil 3 ming 700 ta xonadonli ko‘p qavatli uylar qurilishi reja qilingan
Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish yuzasidan o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlandi.
Uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha Qarshi aholisidan 124 ta murojaat kelib tushgan. Qarshi shahrida bu yil 3 ming 700 ta xonadonli ko‘p qavatli uylar qurilishi reja qilingan.
Hokim o‘rinbosarlari shahardagi banklar va developerlar bilan birgalikda uy-joy bo‘yicha murojaat qilganlar bilan birma-bir uchrashadi. Ularga yangi qurilayotgan uy-joylarni taklif etadi, kredit, subsidiya bo‘yicha masalalarini tezkorlik bilan hal qilib beradi.
Shahardagi davlat idoralarida 1,5 mingdan ziyod xodim ishlayapti. Ularning faoliyati bo‘yicha 794 ta shikoyat kelib tushgan. Masalan, ichki ishlar xodimlarining muomalasi va tergov sifati yuzasidan 281 ta ariza yo‘llangan.
Viloyat ichki ishlar boshlig‘ining kadr va jamoat xavfsizligi bo‘yicha o‘rinbosarlari haftaning bir kunini yosh tergovchilar, profilaktika inspektori, yo‘l va post-patrul xodimlarini o‘qitish, muomala madaniyatini o‘rgatishga bag‘ishlaydi.
Xodimlariga nisbatan e’tirozlar ko‘p bo‘lgan Majburiy ijro byurosi, soliq, elektr, suv va gaz, tibbiyot va ta’lim idoralarining rahbarlari ham o‘z ishini xuddi shu yo‘sinda tashkil qilishi zarurligi qayd etildi.
O‘zA