Qarorlar o‘z-o‘zidan qabul qilinmaydi
Har qanday sohaning, tarmoqning rivoji e’tibor bilan. E’tibor borki, taraqqiyot, o‘sish yuz beradi. Buning ortidan g‘alabalar qo‘lga kiritiladi. Shu ma’noda, O‘zbekiston velosport sohasida keyingi 1-2 yil oralig‘ida o‘ziga xos rivojlanish kuzatildi.
Bu, eng avvalo velosport majmualarini bunyod etish, borlarini tartibga keltirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, ichki musobaqalarning tizimli o‘tkazishga erishish, yangi-yangi velosport yo‘nalishlarini joriy etish jihatlarida yaqqolroq ko‘zga tashlandi.
O‘tayotgan yil mobaynida mamlakatimizning turli hududlarida bir qator velomarofonlar, velosahayotlar o‘tkazilganligi, ko‘cha va hiyobonlarda alohida veloyo‘laklar barpo etilayotganligi velosportning ommaviylashuvi yangi bosqichga chiqayotganligini ko‘rsatmoqda.
Ammo qilingan ishlar, amalga oshirilgan dasturlar yetarlimi? O‘zbekiston velosportchilarini jahon maydonlaridagi zafarli odimini ta’minlash uchun yana qanday islohotlarni ro‘yobga chiqarmoq lozim?
Mazkur savollarga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi raisi Tanzila Norboyeva ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Velosportni rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha Respublika kengashining yig‘ilishida atroflicha to‘xtalib o‘tildi.
Yig‘ilishda qaror ijrosini to‘laqonli ta’minlashga erishish uchun hududlarda seleksiya ishlarini kuchaytirish va yoshlarning shug‘ullanishlari uchun keng sharoitlar yaratish, ilmiy yo‘nalishni rivojlantirish, hududlardagi moddiy-texnik bazani yanada yaxshilash lozimligi aytildi. Davlatimiz tomonidan ajratilayotgan mablag‘larni maqsadli yo‘naltirish, professional murabbiylarni tayyorlash uchun malakali xorij mutaxassislarini jalb etish O‘zbekiston velosportida xalqaro musobaqalarda yutuqlarga erishishning muhim poydevori ekanligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston turizm va sport vaziri o‘rinbosari Avaz Karimovning bildirishicha, velosportning shosse va trek yo‘nalishida xorijlik murabbiylarni jalb qilish bo‘yicha hozirda Angliya, Niderlandiya, Germaniya kabi davlatlarning mutaxassislari bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Muhokamalar davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Namangan viloyatida velosportni ommalashtirish ishlari samarali kechayotganligi ta’kidlanib, ayrim hududlarda xususan, Andijon, Surxondaryo, Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida qarorda belgilangan ba’zi vazifalar o‘z ijrosini topmayotganligi tanqid qilindi.
Mazkur kamchiliklarni bartaraf etish, rejadagi ishlarni tizimli olib borish, 3 iyun – Butunjahon velosiped kunini keng nishonlash, Bo‘stonliq tumanida UCI Jahon velosipedchilar markazining Markaziy Osiyodagi birinchi filialini ochish kelajakdagi muhim ishlar ekanligi e’tirof etildi.
Qolaversa, sportda ham mahallabay tizimini joriy qilish, yosh bolalar orasida begovellardan foydalanish tajribasini davom ettirish, hududlarda piyoda va velosipedlar uchun qurilayotgan yo‘llarni ko‘paytirish masalalarida atroflicha fikrlar bildirildi. Soha mutasaddilariga tegishli topshiriqlar yuklandi.
Aytish lozimki, davlatimiz rahbari tomonidan velosport bo‘yicha qabul qilingan qaror ijrosi joylarda qanday bajarilayotganligiga e’tibor qaratilganligi, uning har bir bo‘g‘ini muhokama etilganligi e’tirofli holat. Bu so‘zsiz, keyingi muvaffaqiyatlarga, muhimi, ushbu sport turining ommalashishiga, aholi orasida sog‘lom turmush tarzining keng yoyilishiga xizmat qiladi, albatta.

Biroq, Prezidentimiz tomonidan joriy yil mobaynida boks, regbi, kurash, shaxmat, ot sport kabi yo‘nalishlarni rivojlantirish borasida qabul qilgan qaror va farmonlarining bajarilish holati hozirda qay holatda?
Mazkur yo‘nalish mutasaddilari Tanzila Norboyevadek, yilda bir marta bo‘lsa-da o‘z yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlarni sarhisob etarmikan, degan haqli savollar keng jamoatchilik tomonidan berilishi ehtimoldan yiroq emas.
Zotan, qarorlar o‘z-o‘zidan qabul qilinmaydi. Uning ortida bitta sohaning rivojigina emas, mamlakat taraqqiyoti, aholi salomatligi, Vatanimizning xalqaro maydondagi sport qudrati turganligini unutmasak bo‘lgani.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA