Qariyb uch yil aliment to‘lamagan ota qamaldi
Buxoro shahar ma’muriy sudining ochiq sud majlisida aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan otaga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish mazmunan ko‘rib chiqildi.
MIB Buxoro shahar bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudining 2018 yil 11 iyuldagi sud buyrug‘iga asosan qarzdor fuqaro I.Kashin undiruvchi Ye.Kashina foydasiga bir nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun 2018 yil 11 iyuldan 2021 yil 1 fevralga qadar 7,4 million so‘m aliment pullarini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan.
– I.Kashinga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 474-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi, – deydi MIB Buxoro shahar bo‘limi davlat ijrochisi Elyor Jo‘rayev. – Tegishli hujjatlar bilan birga sudga yuborildi. Sudning joriy yil 19 fevraldagi qarori bilan fuqaro I.Kashinga 15 (o‘n besh) sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Zarif Komilov,
O‘zA