QarDUda tibbiyot yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlanadi
Rossiya Federatsiyasining Nijegorod viloyati hukumati hamda Qashqadaryo viloyati hokimligi o‘rtasida 2021 yil 5 aprelda savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik va gumanitar sohalarda tuzilgan hamkorlik bitimiga muvofiq, joriy yilning 9 iyul kuni Qarshi davlat universiteti hamda Privoljsk tadqiqot tibbiyot universiteti (PTTU) bilan videokonferensiya tashkil etilgan edi.
Unda Qashqadaryo viloyati hokimligi vakillari, QarDU rahbariyati, hamkor Privoljsk tadqiqot tibbiyot universitetidan Nijegorod viloyati tashqi aloqalar departamenti direktorining o‘rinbosari V.Prelov, Privoljsk tadqiqot tibbiyot universiteti rektori N.Karyakin va boshqalar ishtirok etdi.
Uchrashuvda ikki viloyatlar o‘rtasida ilmiy-texnik, gumanitar sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida mulohazalar tinglanib, Qashqadaryo viloyatida tibbiyot sohasida salohiyatli va sifatli kadrlar tayyorlash maqsadida bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha davolash ishi (25 nafar), pediatriya ishi (25 nafar) va farmatsiya (25 nafar) qo‘shma ta’lim dasturlari tashkil etish yuzasidan rasmiy shartnomalar imzolandi.
Hamkorlik kelishuviga ko‘ra, 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab farmatsiya bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga qabul qilinadigan talabalar uchun Privoljsk tadqiqot tibbiyot universiteti ta’lim resurslaridan foydanilgan holda hamkor oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari tomonidan 5 yil davomida darslar tashkil etilishi va ta’lim yakunida Qarshi davlat universiteti diplomi taqdim etilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, davolash ishi, pediatriya ishi bakalavr ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 3 yil Qarshi davlat universitetida va 3 yil Privojlsk tadqiqot tibbiyot universitetlarida tahsil olinadi. Universitetlarni muvaffaqiyatli tugatgan talabalar bir vaqtning o‘zida 2 ta OTMning o‘zaro tan olingan diplomiga ega bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Qarshi davlat universitetida 37 ta Rossiya oliy ta’lim muassasalari bilan xalqaro shartnoma, kelishuvlar imzolangan. 2019 yildan buyon Qarshi davlat universiteti Rossiya Federatsiyasining Belgorod davlat milliy tadqiqot universiteti, Moskva davlat lingvistika universiteti hamda Belorus Respublikasining qo‘shma ta’lim dasturlari (ikkita diplom) bo‘yicha 1+1, 3+1, 2+2 shaklda 3 ta magistrlik dasturi, 4 ta bakalavriat yo‘nalishlari doirasida kadrlar tayyorlanmoqda. 2020-2021 o‘quv yilida qo‘shma ta’lim dasturlarida 159 nafar talaba tahsil olmoqda. 2021-2022 o‘quv yilida yana 1 ta magistrlik dasturi va 4 ta bakalavriat yo‘nalishlari tashkil etish rejalashtirilmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA