Qamoqxonada mahkum nega o‘zini osgan?
Jazoni ijro etish muassasasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkum o‘zini osgani bilan bog‘liq xabarlar tarqaldi.
Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati aniq ma’lumot tarqatdi. Unga ko‘ra, Namangan viloyatidagi jazoni ijro etish muassasasida jazo o‘tayotgan 2000 yilda tug‘ilgan mahkum (Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi "Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish" bilan sudlangan) ishlab chiqarish sexi hududida o‘zini-o‘zi osib, vafot etgan.
Murdani ko‘zdan kechirish davomida bo‘yin sohasida strangulyatsion egatdan tashqari boshqa tan jarohatlari aniqlanmagan.
Mazkur holat yuzasidan Pop tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari o‘tkazilmoqda. Tekshirish harakatlari har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘tkazilishi va natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.
***
Ijtimoiy tarmoqlarda marhumning onasi tomonidan o‘g‘lining tanasida qiynoq izlari borligi qayd etilgan xabar tarqatgani sababli mazkur holat Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) nazoratiga ham olingan.
Ombudsman axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, holat Ombudsmanning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan joyiga borib o‘rganilmoqda.
O‘rganish yakunlari bo‘yicha jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
N.Abduraimova, O‘zA