“Qamchiq” dovonida kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda
Qish mavsumi yaqinlashar ekan, tog‘li hududlarda xavfsizlikni ta’minlash, yo‘l va transport infratuzilmasi ob’ektlarining uzluksiz ishlashini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi. Ayniqsa, “Qamchiq” dovoni kabi murakkab tog‘li hududlarda mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu sababli, dovonda 2026-2027-yillar kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, xavfli geologik jarayonlarning oldini olish hamda transport harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
“O‘zbekgidrogeologiya” DM Davlat geologik monitoring xizmati hamda tegishli favqulodda vaziyatlar tizimi tashkilotlari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish mazkur masalalar ijrosiga bag‘ishlandi.
Tadbirda dovon hududidagi avtomobil va temir yo‘l infratuzilmasi ob’ektlarining kuz-qish mavsumida barqaror va xavfsiz ishlashini ta’minlash, shuningdek, favqulodda vaziyatlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha ko‘rib chiqildi. Xususan, A-373 “Toshkent-O‘sh” avtomobil yo‘li hamda “Angren-Pop” elektrlashtirilgan temir yo‘lining “Qamchiq” dovonidan o‘tgan qismida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati o‘rganildi.
Shu bilan birga, dovonda xizmat olib boruvchi kuch va vositalarning shayligi, xavfli geologik jarayonlar ta’siri mavjud bo‘lgan uchastkalardagi vaziyat hamda ularning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar tahlil qilindi.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, yig‘ilish yakunida mas’ul tashkilotlarga kuz-qish mavsumini xavfsiz o‘tkazish, yo‘l infratuzilmasining barqaror ishlashini ta’minlash va xavfli geologik jarayonlarning oldini olish bo‘yicha tegishli vazifalar yuklatildi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA