Qalblarga nur bag‘ishlagan ziyorat
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 28 maydagi “Keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, nuroniylarning yurtimizdagi turistik va madaniy meros ob’ektlari, muqaddas qadamjolarga sayohatini tashkil etish, shuningdek, har yili 1 noyabrdan 30 noyabrgacha «Keksalar uchun turizm oyligi»ni tashkil qilish kabi tadbirlar belgilangan.
Shu munosabat bilan joriy yil turizm oyligi doirasida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan respublika “Nuroniy” jamg‘armasi hamkorligida yurtimizdagi bir qator tarixiy me’moriy majmualarga sayohatlar tashkil etildi. Jumladan, Toshkent shahridagi "G‘alaba bog‘i", Hazrati Imom, "Shahidlar xotirasi" yodgorlik majmualariga, Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “Zangiota”, Parkent tumanidagi “Zarkent ota” tarixiy obidalariga uyushtirilgan sayohatlar ishtirok etgan keksa avlod vakillari uchun taassurotlarga boy bo‘ldi.
“Keksalar uchun ichki turizm oyligi” doirasida vazirlik tashabbusi bilan Xiva shahri bo‘ylab yana bir ekskursiya o‘tkazildi. Unda turli sohalarda ko‘p yillar samarali mehnat qilib, jamiyat ravnaqiga munosib hissasini qo‘shgan, barkamol farzandlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan, oilada ham, jamiyatda ham obro‘-e’tiborga ega bir guruh keksa avlod vakillari ishtirok etdi.

Tadbirning birinchi kuni qatnashchilar Xiva shahrining mashhur tarixiy obidasi – Ichan qal’a me’moriy majmuasi bilan tanishdi. Arxeologik tadqiqotlarga ko‘ra, Xiva shahri kamida 2500 yoshga kirgan. Bularning hammasi YUNESKO tashkilotiga Xivani qo‘riqxona ahamiyatidagi shahar deb e’lon qilishga, shaharning ichki qismi bo‘lgan Ichan qal’ani esa jahon ahamiyatidagi tarixiy yodgorlik deyishga asosdir.
Ziyoratchilarga mintaqadagi eng yirik va noyob me’moriy yodgorlik bo‘lgan Ichan qal’a tarixi va uning qaytadan bunyod etilish jarayonlari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Jumladan, tadbir ishtirokchilari 1967 yili Ichan qal’a davlat muzey qo‘riqxonasi, deb e’lon qilinganligi, 1990 yildan O‘rta Osiyoda birinchi tarixiy me’moriy yodgorlik sifatida Butun jahon yodgorliklari ro‘yxatiga kiritilganligi haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Ushbu majmuadan joy olgan Said Alauddin va Pahlavon Mahmud maqbaralari, Islomxo‘ja madrasasi va minorasi, Ko‘k Minor tarixi bilan tanishdi. Katta jome masjidlarida ziyoratda bo‘ldi.
–Yurtimizda biz – nuroniylarning izzat-hurmatini joyiga qo‘yish, ularning jamiyat hayotida faol ishtirok etishi bilan birga, salomatliklarini muhofaza qilish, ular uchun turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, xususan, turistik sayohatlar tashkil etish borasida olib borilayotgan ishlar barchamizni quvontirmoqda, – dedi mehnat faxriysi Bekturgan Abulxairov. – Ichan qal’a majmuasini ziyorat qilishni anchadan beri dilimga tukkandim. Turistik guruhimiz a’zolari nomidan shunday imkoniyat, boy taassurotlar uchun tashkilotchilarga minnatdorchilik bildiramiz.
Sayohat doirasida "E’zoz, ehtirom, e’tibor" mavzuida madaniy ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirda Kalta minor, Yangi turmush, Gulshan va Toza bog‘ mahallalari faollari ishtirok etdi.

Sayohatning ikkinchi kunida Xiva shahar “Nuroniylar” jamoatchilik kengashi, "Buvijonlar maktabi" jamoatchilik kengashi a’zolari, mahalla faollari ishtirokida "Ibrat maktabi" mavzuidagi davra suhbati ham samimiy ruhda o‘tdi. Davra suhbatida Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligi boshqarma boshlig‘i Xayrinisa Mirzajonova, O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a’zosi Gavhar Durdiyeva yurtimizda nuroniylar uchun ko‘rsatilayotgan e’tibor, jumladan, turizm oyligi doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar haqida so‘zladi.
Mahallalarning bir guruh faollariga faxriy yorliqlar topshirildi. Shu kuni ziyoratchilar Xiva shahridagi Feruzxon va Nurillaxon saroylari yodgorlik majmualari bilan tanishdi.
Ziyoratchilar Xiva shahri safaridan bir olam taassurotlar bilan, o‘zlariga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklardan minnatdor bo‘lib qaytishdi.
N.Usmonova, O‘zA