Qadringiz va qaddingiz baland bo‘lsin, muallim
Davlatimiz rahbarining xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida bildirgan fikrlari va xalqimizga qilgan murojaati tarixiy voqea bo‘ldi.
Davlatimiz rahbarining xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida bildirgan fikrlari va xalqimizga qilgan murojaati tarixiy voqea bo‘ldi. Ayniqsa, biz o‘qituvchilarning ko‘ngli tog‘dek yuksalgani, faxr-iftixorga to‘lgani ham rost.
O‘qituvchilik faoliyatimga 43 yil bo‘lmoqda, o‘tgan davrda bu kasbning zahmat va mashaqqatlarini ko‘rishga ham to‘g‘ri keldi. Uning nonini yeyish oson bo‘lmadi. Shunday bo‘lsa-da, sharafli kasbga xiyonat qilmadim. Avvalo, muqaddas dargohda ishlash, yosh avlodga bilim berish, ularni tarbiyalash – oddiy ish emas. Bu millatga daxldor – masala. Shuning uchun ham Prezidentimiz o‘qituvchining nufuzini ko‘tarishga katta bel bog‘ladi. Keyingi ikki yilda ta’lim sohasida ham jiddiy islohotlar amalga oshirilayotganini barchamiz teran his etmoqdamiz. Ish haqlarimiz keskin oshdi, ijtimoiy himoya ham kuchaymoqda. Albatta, maqsadga osonlik bilan yetishib bo‘lmaydi, hammasi bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Davlatimiz rahbari bu borada dadil qadamni qo‘ydi.

Bugungi kunda maktablarda erkak muallimlar sonini ko‘paytirish, oila, mahalla va maktab hamkorligini mustahkamlash muhim vazifalardan biridir. Darhaqiqat, ta’lim-tarbiyada otaning o‘rni nihoyatda katta. Afsuski, keyingi paytda maktablardan erkak o‘qituvchilarning ketib qolgani ham ayni haqiqatdir. Farzandlarimizning “katta bo‘lsam o‘qituvchi bo‘laman” degan gapini eshitmay qo‘ygandik. Bugun esa vaziyat umuman o‘zgardi, ular yana ta’limga qaytishmoqda. Chunki jamiyatimizda o‘qituvchi qadri va qaddi balandlay boshladi. Biz kelajak egalarimiz baxtli hayotining poydevori mustahkam bo‘lishi uchun ta’lim va tarbiyaga befarq bo‘lmasligimiz kerak.
Ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarga qaramasdan, hamon tizimli muammolar borligi, maktablarning moddiy-texnik bazasi, ayrim pedagog xodimlarning bilim va malakasi bugungi zamon talablariga javob bermasligi yig‘ilishda qattiq tanqid qilindi. Davlatimiz rahbari ta’lim-tarbiya sohasida zamonaviy va oqilona tizim yaratish, o‘qitish metodlari, ta’lim standartlari, darslik va o‘quv-qo‘llanmalarini yangilash zarurligi, bilim berishda chet eldagi ilg‘or tajribalardan foydalanish, tarbiyada esa milliy an’ana va qadriyatlarga suyanish muhimligiga, maktablardagi kamchiliklarni tuzatish, ta’lim sifatini nazorat qilish uchun ota-onalar, keng jamoatchilikning ishtiroki zarurligiga alohida e’tibor qaratgani ham bejiz emas.

Avvalo, maktab ta’limiga Prezidentimizning beshta muhim tashabbusi ko‘rsatmalari to‘liq kirib borishiga erishish, ijrosini ta’minlashda bor salohiyatimizni, butun imkoniyatlarimizni ishga solishimiz zarur.
Kelajagimizning porloqligi, aytish mumkinki, nafaqat iqtisodiyotimizga, balki muallimlarimiz, o‘qituvchilarimizga ham bog‘liq. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, tarbiya biz uchun yo hayot, yo najot masalasi bo‘lishi zarur. Tarbiya bilan esa, asosan, pedagoglar, bolani o‘z orqasidan ergashtiruvchi shaxs – u ota-ona bo‘ladimi, o‘qituvchimi, quruvchimi, kim bo‘lishidan qat’iy nazar, barchamiz shug‘ullanishimiz zarur. Bu borada keng jamoatchilik, korxona va tashkilotlar, tuman, viloyat hokimlari o‘qituvchilarga ko‘makdosh, yelkadosh bo‘lishlari zarur.

Mamlakatimiz xalq ta’limi tizimida boshlangan xayrli islohotlar jamiyatning yuzi bo‘lmish o‘qituvchi martabasini yuksaltirish, ta’lim-tarbiyadagi muammolarni hal etish, shu orqali taraqqiyotimizning asosiy tayanchini mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Biz bundan yanada ruhlanib, o‘z kasbimizga, yurtimiz ravnaqiga, kelajagimiz bo‘lgan farzandlarimizga mehnatimiz, kuch-quvvatimiz, bilimimizni ayamaymiz.
Ikromjon MARAHIMOV,
Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi
1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim
maktab-internatining fizika fani o‘qituvchisi,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat
ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi.