Qadring baland bo‘lsin, ona tilim, jonu dilim!
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz olti yilligi hamda “O‘zbek tili bayrami” kuni yurtimizning barcha hududlarida, shu jumladan, Namangan viloyatida keng nishonlanmoqda.
Namangan shahridagi “Adiblar xiyoboni”da “Ona tilim – faxrim mening!” shiori ostida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari, yozuvchi-shoirlar, tilshunos olimlar, nuroniylar ishtirok etdi.
Tadbirda Namangan viloyat hokimining o‘rinbosari Otabek Bozorov, Namangan davlat universiteti rektori, tarix fanlari doktori, professor Abdug‘affor Qirg‘izboyev, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi, senator Ikromxon Najmiddinov mamlakatimizda so‘nggi yillarda davlat tilining nufuzini oshirish, yoshlar qalbida ona tilimizga bo‘lgan hurmat tuyg‘usini mustahkamlash, o‘zbek tilining milliy davlatchiligimiz tarixidagi o‘rni, uning maqomi Vatanimiz, xalqimiz kelajagi, yorug‘ istiqbolini belgilovchi beqiyos ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
Darhaqiqat, ona tili – bu sizu bizning ilk aytgan so‘zimiz, onamiz tomonidan qulog‘imizga aytilgan alla. Shu ma’noda, xalqimiz ma’naviyati va milliy o‘zligining ajralmas ramzi bo‘lgan o‘zbek tilini e’zozlash har birimizning muqaddas burchimizga aylanmog‘i lozim.
– Til millat tafakkurining bebaho xazinasidir. Bugungi kunda jahon miqyosida turli millat va elatlarning o‘z o‘rniga ega bo‘lgan 70 ta tili mavjud, shular qatorida sayyoramiz bo‘ylab 60 milliondan ziyod odam gaplashadigan o‘zbek tili ham borki, uning davlat tili sifatidagi maqomini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Namangan davlat pedagogika instituti talabasi, “Kelajak bunyodkori” medali sohibi Mastura Nabixonova. – Oxirgi olti yilda ona tilimizning qadrini yanada yuksaltirishga qaratilgan yigirmadan ortiq farmon-qarorlar qabul qilinib, amaliyotga tatbiq etildi. Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. 2020 yildan buyon har yili yurtimizda 21 oktyabr – “O‘zbek tili bayrami” kuni sifatida nishonlanmoqda. Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasi va boshqa nufuzli minbarlarda o‘zbek tilida nutq so‘zlagani tilimizning nufuzi, davlat mustaqilligi va elimiz g‘ururining yuksak namunasidir.
[gallery-25836]
Tadbir, ijodkorlar va yoshlar tomonidan aytilgan ona tilimizni ulug‘lovchi she’r, badiiy chiqish va kuy-qo‘shiqlar, viloyat teatri aktyorlari chiqishlari bilan yanada sayqal topdi. Bayram tadbiri yakunida, “Adiblar xiyoboni”da joylashgan Boboraxim Mashrab haykali hamda viloyatda yashab, ijod qilib o‘tgan sevimli adib va shoirlar yodgorliklari poyiga gullar qo‘yish bilan ona tilimizga bo‘lgan hurmat va muhabbat ifoda etildi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.