O‘zbekiston – global muloqot va tajriba almashish maydoniga aylandi
Ha, ahli olam nigohi bir necha kun davomida ko‘hna Turonu Turkiston zaminidagi ulug‘ yurt O‘zbekistonga qadaldi. Yur yuzi zilzila girdobidagi daraxt kabi qaltirab, titrab turgan tahlikali zamonda jahondagi 140 dan ortiq davlatlardan kelgan siyosatchilar, parlament a’zolari, xalqaro tashkilotlar vakillari o‘zbek tuprog‘ida bir davra, bir dasturxon atrofida o‘tirib insoniyat taqdiriga tahdid solayotgan xavf-xatarlar oldini olish, davlatlar, millatlar o‘rtasidagi bordi-keldilarni kuchaytirish choralari haqida fikrlashdilar, muhim qarorlar qabul qildilar. Zotan, bugun dunyo yangicha qoidalar asosida yashamoqda. Kechqurun uyquga ketib, erta tongda sizni nimalar kutayotganini, katta-katta minbarlardan yana qanday bayonotlar, da’volar yangrashini taxmin ham, tasavvur ham qila olmaysiz. Rossiya va Ukraina, Isroil va Xamas o‘rtasidagi mojaro, G‘azodagi og‘ir vaziyat – yosh bolalar va ayollar o‘limining oxiri ko‘rinmayotgani, Siriyadagi vaziyat, Eron – AQSH munosabatlaridagi keskinlik, Livandagi notinchlik, yakkalanib qolgan Afg‘oniston, qudratli davlatlar o‘rtasida boshlangan va avj olayotgan “boj”lar jangi, AQSH va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi sovuqlik, BMTga ishonchsizlik, xalqaro qonun-qoidalarni mensimaslik va yadroviy tahdidlar fonida O‘zbekistonda ikkita yirik xalqaro anjumanning o‘tgani chin ma’noda e’tiborga loyiq bo‘ldi. Jahon ahlining O‘zbekistonga bo‘lgan e’tibor, ehtirom va mehru muhabbatini yangi pog‘onalarga olib chiqdi.
Birinchisi, 4 aprel kuni qadimiy Samarqand zaminida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitidir. “Kelajakka investitsiya” shiori ostida o‘tgan ushbu tadbir dunyo xalqaro axborot vositalarida keng yoritildi. Anjuman eng muhim muammolar – davlatlar, xalqlar, mintaqalar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga, o‘zaro mahkam iqtisodiy hamjihatlikka, ijtimoiy, madaniy taraqqiyotga bag‘ishlandi. Tadbirda ikki qit’a davlatlari rahbarlari – Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta, Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso hamda Yevropa investitsiya banki rahbariyati ishtirok etdi. Mazkur yig‘ilishda delegatsiyalar rahbarlari ikki mintaqa o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirdi. Sun’iy intellekt, “katta ma’lumotlar”, raqamlashtirish va kosmik tadqiqotlar sohasida ilmiy-texnologik almashinuv bo‘yicha qo‘shma dastur ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi. Markaziy Osiyo davlatlari bilan Yevropa Ittifoqining birinchi sammitida terrorizm, ekstremizm, radikalizm, kiberjinoyatchilik, narkotrafik va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Anjumandda yevropalik hamkorlarning terrorizmga qarshi kurash masalalari bo‘yicha muloqotni yo‘lga qo‘yish taklifi yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlandi. Yevropa Ittifoqining mintaqa xavfsizligiga sodiqligini ifodalaydigan - BOMCA” va “CADAP” dasturlari doirasidagi amaliy hamkorlikni, shuningdek, Afg‘onistonda tinch taraqqiyotni ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatlashuvlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi. Birinchi sammit yakunida ikki mintaqa o‘rtasida strategik sheriklik o‘rnatishni nazarda tutuvchi Qo‘shma deklaratsiya va o‘ta muhim minerallar sohasida hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya qabul qilindi.
Samarqand mashvarati yana bir bor O‘zbekistonning dunyo siyosatida tutayotgan o‘rnini, O‘zbekiston timsolida mintaqa mamlakatlari xalqlari, rahbarlari yakdilligini, bu mintaqa dunyo siyosatida o‘ziga xos rol o‘ynashi mumkinligini yaqqol ko‘rsatdi.
Ayni chog‘da, Yevropaning qadim Turonzamin o‘lkalari bilan hamkorligi ayrim “do‘stlarimiz”ga yoqmagani, ularning paytavasiga qurt tushganini ham esdan chiqarmaslik lozim...
Kuni kecha poytaxt Toshkentda nihoyasiga yetgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi esa chin ma’noda O‘zbekiston va u tutgan yo‘l qanchalar to‘g‘ri ekanligiga yana bir yorqin misol. Anjumanda 140 dan ortiq davlatning 2 mingga yaqin deputatlari qatnashdi. O‘zbekiston poytaxtida dunyodagi vaziyat, muammolar tilga olindi, tahlil qilindi.
Ayniqsa, anjumanda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ishtiroki va so‘zlagan nutqi millionlab dillarda birdek aks-sado berganini alohida ta’kidlash joiz. Jahonning turli mintaqalaridagi nizolar global va mintaqaviy tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotgani, Ukraina inqirozi BMT rahbarligida, amaldagi xalqaro huquq normalari asosida hal etilishi lozimligi, Falastin inqirozi uchun yagona yechim “ikki xalq uchun - ikki davlat” tamoyili ekanligi, Afg‘onistonni o‘z muammolari bilan yolg‘iz qoldirilmaslik, qayta tiklanadigan energiyaga ustuvorlik berish, “yashil” texnologiyalarga o‘tishni rag‘batlantirish – kelajak avlodlar oldidagi majburiyatlar, sun’iy intellekt sohasida butun dunyoda o‘yin qoidalari bir xil bo‘lishi lozimligi, Parlamentlararo ittifoq tizimida Yoshlar parlamentlarining global platformasi zarurligi, butun dunyo kambag‘allikdan qutulish yo‘lini birgalikda izlashi lozimligi haqidagi takliflar xalqimizning xohish-irodasi, ovozi o‘laroq yangradi.
E’tirof etish lozim, сафида 181 ta milliy parlament va 15 ta kuzatuvchi davlat hamda 25 dan ziyod xalqaro va parlamentlararo tashkilotlardan 2 mingga yaqin delegatlar ishtirok etgan mazkur Ittifoqning yubiley Assambleyasi nafaqat O‘zbekistonda yoki Markaziy Osiyo mintaqasida, MDH hududida ham ilk bor bo‘lib o‘tdi.
– Men ham 15 yil davomida parlament a’zosi bo‘lganman, dunyoni tinch-osoyishta, jamiyatlarni yanada farovon qilishga qaratilgan olijanob faoliyatingiz naqadar mas’uliyatli ekanini yaxshi bilaman va tushunaman. Sizlar – xalqlarni bir-biriga bog‘lovchi mustahkam do‘stlik ko‘prigisiz. Sizlar – odamlarning dardu tashvishi va muammolarini eng quyi tizimdan boshlab, kerak bo‘lsa, mintaqaviy va xalqaro miqyosga olib chiqishga, ularga samarali yechim topishga qodir bo‘lgan qudratli kuchsizlar. Bunday yuksak ishonch va ehtiromni biz yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar, parlamentarizm va vakillik hokimiyatini rivojlantirish borasida erishilayotgan katta natijalarning e’tirofi sifatida qabul qilamiz - deb ta’qidladi o‘z nutqida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev.
Qayd etish joizki, yaqinda e’lon qilingan “Parlamentdagi ayollar 1995-2025 yillar” nomli hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston Osiyo mintaqasida eng yuqori ko‘rsatkichga erishdi, shuningdek, so‘nggi 30 yil ichida ayol deputatlar sonining o‘sishi bo‘yicha ham yetakchi bo‘lib kelmoqda. O‘zbekistonda kuchli parlamentni barpo etish, samarali parlament diplomatiyasini tatbiq qilish uchun keng sharoitlar yaratilmoqda.
O‘zbekiston parlament yo‘nalishida global ahamiyatga molik bo‘lgan qator xalqaro tashabbuslarni ilgari surib kelayotgani bunga yorqin misol. Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasi qabul qilinishi bunda dalil. Hamjihatlik, tinchlik va demokratiyani mustahkamlash shiori ostidagi Pralamentlararo Ittifoqning mazkur sessiyasida shu kunning eng dolzarb masala va muammolari muhokama etildi. Anjuman davomida jahonning nufuzli parlament delegatsiyalari tomonidan aholini ijtimoiy himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquqlari himoyasi, gender tenglikka erishish, ilm-fan texnologiyani rivojlantirish hamda dolzarb mavzular muhokama qilindi. Maqsad, parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, tinchlik va demokratiyani mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratishdan iborat edi, albatta. Anjuman doirasida qariyb 80 ta tadbir o‘tkazildi. Ularning har birida bugungi kun uchun aktual bo‘lgan mintaqaviy va xalqaro masalalar ko‘rib chiqildi. Mashvaratda nafaqat O‘zbekiston, Markaziy Osiyo, Yevropa, balki umumjahonning dolzarb masala va muammolari yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Xalqaro Assambleya O‘zbekiston parlamentining tashabbusi bilan “Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” mavzusida o‘tkazilgani chuqur ramziy ma’noga ega. Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston ortga qaytmas demokratik islohotlar va pragmatik tashqi siyosat yo‘lidan dadil qadam tashlab, dunyo hamjamiyati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ochiq va jadal muloqot olib bormoqda.
Jahonning turli mintaqalaridagi nizolar global va mintaqaviy tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid solayapti. Parlamentlararo Assambleya qatnashchilarining ta’kidlashicha so‘nggi yillarda dunyoning turli mintaqalarida qurolli to‘qnashuvlar (Rossiya – Ukraina, Isroil-Falastin), ekologik (Myanma va Tailand) va texnogen fojialar, iqtisodiy inqirozlar, “savdo urushlari” (AQSH-Xitoy), terrorizm va ekstremizm tahdidlari tobora kuchayib bormoqda. Bunday murakkab sharoitda jahonda tinchlikni saqlash, ijtimoiy taraqqiyot va adolatni ta’minlashda parlamentlar ishtiroki va ta’sirini oshirishni zamonning o‘zi talab etmoqda. Ayrim davlatlarda so‘nggi yillarda urushga qarshi chiqish, otishmalarni to‘xtatish, tinchlik va yarashish uchun kurash hollari, ming afsuski, ochiq ta’qib ostiga olinayapti. Bunday hollarga befarq qarash mumkin emas.
O‘zbekiston parlamentariylarining bu sohadagi barcha taklif va tashabbuslari Parlamentlararo Ittifoqning Strategiyasi maqsadlariga to‘la mos ekanligi assambleya qatnashchilari tomonidan qayd etilgani, shu bilan birga, yondashuvlarimiz bugungi tarixiy Assambleya yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasida ham o‘z ifodasini topgani quvonarlidir, albatta.
Davlatimiz rahbarining ma’ruzasida dunyoda yuz berayotgan voqea-hodisalarni real, xolisona tahlil qilinishi, o‘rtaga tashlagan muhim va dolzarb takliflari qatori yig‘ilish ishtirokchilariga mamlakatimizda parlament institutini rivojlantirish bo‘yicha qilingan ishlar haqida batafsil ma’lumot berib o‘tgani, ayniqsa, e’tiborli.
E’tibor beraylik, so‘nggi yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari 5 tadan 12 taga, Senat vakolatlari esa 14 tadan 18 taga oshirildi. Prezidentning qator vakolatlari qonun chiqaruvchi hokimiyatga o‘tkazildi. Milliy parlamentimizda xotin-qizlar ulushi bugun 38 foizga yetdi. 2021 yili Oliy Majlis palatalari qoshida ilk bor yoshlar parlamentlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bunday ma’lumotlarni uchrashuv ishtirokchilari iliq kutib oldi. Mamlakatimiz vakillari Osiyo Parlamentlari Assambleyasi, Markaziy Osiyo parlamentlari forumi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament Assambleyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlament Assambleyasi kabi tuzilmalarda faol ishtirok etayotganini, bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekiston katta dunyoga ochiq, har qanday do‘stona muloqotlarga tayyor ekanligi Prezidentimiz tomonidan alohida qayd etildi.
Oxirgi yillarda yurtimizda BMT institutlari va Parlamentlararo ittifoq bilan hamkorlikda Osiyo xotin-qizlar forumi va Jahon parlamentlari ayol rahbarlari sammiti muvaffaqiyat bilan o‘tkazilgani ham O‘zbekistonda xotin-qizlarning o‘rni alohida ekanligiga yorqin dalil.
O‘zbekiston Prezidentining Assambelyada so‘zlagan nutqidagi yana bir muhim jihat, bu yon qo‘shnimiz Afg‘oniston masalasidir. Men davlatimiz rahbarining “Bizga qo‘shni bo‘lgan Afg‘oniston haqida to‘xtalib o‘tmaslik mumkin emas. Ushbu mamlakatning xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik, amaldagi hukumat bilan konstruktiv muloqot o‘rnatish, Afg‘onistonga Markaziy Osiyo mintaqasining ajralmas qismi va yangi imkoniyatlar makoni sifatida qarash lozim deb hisoblaymiz. Bu borada parlamentlarning ko‘magiga ishonamiz” degan so‘zlarini tinglaganda, taniqli shoir va mutafakkir, siyosatchi Muhammad Iqbolning bundan 120 yillar burun aytib ketgan ushbu so‘zlarini esladim beixtiyor: “Osiyoda bir daraxt bor. U yashnasa butun Osiyo gurkirab yashnayadi, agar qovjirab qolsa, uning bu holati butun Osiyoga ta’sir qiladi. Bilingki, bu daraxt Afg‘onistondir”. Ha, yon qo‘shnimiz Afg‘oniston gullab-yashnashi kerak.
Albatta, dunyodagi hech bir davlat va jamiyat faqat ko‘plab qonun yoki qarorlar qabul qilish bilan rivojlana olmaydi. Barchamiz bu yo‘lda birlashib, qonun ijodkorligi ruhini kuchaytirib, bor bilim va tajribamizni yagona maqsad sari safarbar etish orqali umumiy maqsadimizga erisha olamiz, deb qayd etdi anjuman qatnashchilari.
Assambleya doirasida o‘tgan turli tadbir va debatlarda parlamentlar oldida turgan eng asosiy vazifalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi hamda istiqbolli rejalar belgilab olindi. Qabul qilingan barcha qarorlar esa ko‘p qirrali va uzoq muddatli hamkorligimiz tarixida yangi sahifa ochishiga shubha yo‘q.
“Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” degan shior ostida Toshkentda o‘tgan umumjahon Parlamentlararo Ittifoqining 150-yubiley assambleyasi dunyoda ijtimoiy integratsiya, munosib mehnat, kambag‘allikni qisqartirish va aholining qaror qabul qilishdagi ishtirokini kengaytirish kabi ko‘plab shu kunning dolzarb masalalari yuzasidan qabul qilgan tarixiy qarorlari bilan nafaqat maxsus qabul qilingan - Toshkent Deklaratsiyasida balki Markaziy Osiyo va jahon parlamentariysi tarixida o‘zining munosib o‘rnini egallaydi.
Qadim Turkistonda jam bo‘ldi dunyo,
Dunyoga nur sochgay bu qutlug‘ ziyo...