Qadamjoylik nuroniylar Chimyonda o‘z sog‘liklarini tiklashmoqda
So‘nggi yetti yilda O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan do‘stona aloqalari qayta tiklangani, azaliy rishtalar yangicha mazmunda davom ettirilayotgani xalqimizning xohish va istaklari, orzu-intilishlarini yaqqol ifoda etmoqda.
Xalqaro hamkorlikning mantiqiy davomi sifatida Xalqlar do‘stligi kuni bayrami arafasida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamda Farg‘ona viloyati hokimligi hamkorligida qo‘shni Qirg‘iz Respublikasining Qadamjoy tumanidan bir guruh nuroniylar o‘z salomatliklarini tiklash maqsadida Farg‘ona viloyati Chimyon qishlog‘idagi tabiati so‘lim sihatgohga taklif etildi.


Ikki davlat hududlar hokimlarining kelishuvi asosida tashkil etilgan tadbirda mehmonlar «Vodil» chegara-bojxona postida kutib olindi. So‘ng sihatgoh tomon yo‘l olindi. Sihatgohda o‘zbekona urf-odatu, karnay-surnay sadolari ostida mehmonlarga hurmat-ehtirom ko‘rsatildi.


Qardosh xalq nuroniylarining sihatgohda maroqli hordiq chiqarishlari uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo etilgan. Shuningdek, har bir kun uchun alohida madaniy-ma’rifiy tadbirlar va sayohatlar rejalashtirilgan. Maqsad esa bitta. U ham bo‘lsa, do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash va nuroniylar o‘z yurtlariga bir olam taassurotlar bilan qaytishlariga erishishdir.
Shohsulton To‘xtamatov,
jurnalist