Qilichbozlik: yangi marralar sari
Mamlakatimizda yosh avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk insonlar etib tarbiyalash Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Farzandlarimizning zamonaviy sport majmualarida o‘z qiziqishi va layoqatiga ko‘ra sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Qilichbozlik ko‘plab yoshlarimizning sevimli sport turiga aylanib bormoqda. O‘zbekistonlik qilichboz Ruslan Kudayevning 2012-yilda o‘tkazilgan London Olimpiadasida muvaffaqiyatli ishtiroki sportning ushbu turiga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirdi.
– Prezidentimizning 2013-yil 25-fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori sportning ushbu turini yanada ommalashtirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda, – deydi qilichbozlik bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Gennadiy Pelix. – Qaror ijrosi doirasida O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi joylarda yoshlarning ushbu sport turi bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratish, zarur inventarlar bilan ta’minlash, sportchi va murabbiylarning mahoratini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, Xorazm, Farg‘ona, Andijon, Buxoro va Samarqand viloyatlarida hududiy federatsiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Olimpiya zaxiralari kollejlari va sport maktablarida qilichbozlik bo‘limlari tashkil etildi. Andijon viloyatida ixtisoslashtirilgan qilichbozlik majmuasi bunyod etilmoqda.
Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday e’tiborga javoban sportda ulkan muvaffaqiyatlarga erishilmoqda. 2013-yili o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatining shpaga bahslarida Malika Hakimova oltin medalni qo‘lga kiritdi. 2014-yilda bo‘lib o‘tgan qit’a birinchiligida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, kattalar o‘rtasida Roman Aleksandrov Osiyo chempionatining bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Sportchilarimiz o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon kubogida ilk bor qatnashdi.
2015-yilda federatsiyaning hududiy bo‘limlari moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, sportchilar uchun o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini yuqori darajada tashkil etish va xalqaro musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishni ta’minlash kabi vazifalar belgilangan. Bu yoshlar o‘rtasida qilichbozlikning yanada ommalashishiga xizmat qiladi.