Puxta tayyorgarlik – mo‘l hosil garovi
Navoiy viloyati dehqon va fermer xo‘jaliklari kuzgi bug‘doy ekish va maysani erta undirib olishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Navoiy viloyati dehqon va fermer xo‘jaliklari kuzgi bug‘doy ekish va maysani erta undirib olishga alohida e’tibor qaratmoqda.Bu yil viloyatda 40 ming 600 gektar maydonga g‘alla ekish mo‘ljallangan bo‘lib, shu kungacha 39 ming 300 gektardan ortiq yerga urug‘ sepildi. Fermer xo‘jaliklarining qariyb 16 ming gektar dalasida maysa bir tekis unib chiqdi, zarur melioratsiya va agrotexnik tadbirlar boshlab yuborildi.
Qiziltepa, Karmana, Xatirchi va Navbahor tumanlari fermerlari maysa parvarishlab, belgilangan reja asosida sug‘orish ishlariga alohida ahamiyat qaratayotir.
– 69 gektarda bir tekis ungan maysa parvarishini davom ettirmoqdamiz, – deydi Navbahor tumanidagi “Bo‘ganboy” fermer xo‘jaligi rahbari Axtam Ro‘zimurodov. – Shu kunga qadar har gektar yerga 300 kilogarammdan o‘g‘it sepib, ikkinchi sug‘orish ishlarini yakuniga yetkazdik.
Mazkur xo‘jalik a’zolari paxta va g‘alladan tashqari uch gektar uzumzor tashkil etdi. O‘nta asalari uyasi va ikki yuz bosh qo‘y parvarishlanayotgan ushbu xo‘jalikda kelasi yilda qoramol boqish ham rejalashtirilmoqda.