Putin va Tramp suhbati ikki soatdan ortiq davom etdi
Kecha Rossiya va AQSH Prezidentlari o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu gal eng uzoq – ikki soatdan ko‘p davom etgan suhbatda, kutilganidek, Ukraina bilan ziddiyatni bartaraf etish masalasi muhokama qilingan.
Putin Moskva Kiyev bilan tinchlik shartnomasi bo‘yicha memorandum ustida ishlashga tayyorligini aytgan va Ukrainani murosaga chaqirgan.
Ta’kidlash joiz, Rossiya va AQSH yetakchilarining navbatdagi telefon suhbati shu yilning o‘zida uchinchisi. 12 fevral va 18 mart kunlari ular Yaqin Sharq, Eron yadro dasturi va ikki tomonlama munosabatlarga oid boshqa muammolarni ham ko‘tarishgan. Tomonlar ma’lum qilishicha, kecha ham ayni mavzular tilga olingan, faqat Ukraina bilan mojaroni to‘xtatish diqqat markazida bo‘lgan.
Muloqot boshlanishiga bir necha soat qolganda AQSH vitse-prezidenti J.D.Vens bu galgi suhbat juda muhimligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ziddiyatni tinch yo‘l bilan hal qilish jarayoni boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.
Tramp 16 may kungi Moskva va Kiyev vakillari o‘rtasidagi Istanbul uchrashuvini sharhlarkan, natijani, xususan uch yillik urush davridagi eng ko‘p asirlar almashinuvi (1000 ga 1000) qo‘llab-quvvatlanishini bildirgan.
Qolaversa, Putin bilan uchrashmagunimizcha, hech nima o‘zgarmaydi, degan.
Putin ham muloqot mazmunli va foydali kechganini aytdi.
Ma’lumki, Kiyev Putinning uch kunlik o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi taklifini rad etib, Moskvadan harbiy harakatni 30 kun to‘xtatishni talab qilgan.
Rossiya Prezidenti har gal shu mavzuda gapirarkan, urushni ma’lum kelishuvlarga erishilgan taqdirdagina to‘xtatish mumkinligini ta’kidlagan.
– Umuman, to‘g‘ri yo‘lda ekanligimizga ishonish uchun asos bor, – degan u muloqotdan so‘ng. – Moskva inqirozni tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori. AQSH rahbari bilan kelishib oldik. Rossiya Ukraina tomoniga kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tinchlik shartnomasi bo‘yicha qator yondashuvlar, masalan kelishuv tamoyili, ehtimoliy sulh muddati va hokazo jihatlar, jumladan tegishli kelishuvga erishilgan taqdirda ma’lum bir muddat davomida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha memorandum tuzishni taklif qiladi. Biz bu borada ishlashga tayyormiz. Hozir tinchlik sari eng samarali yo‘llarni aniqlashimiz kerak. Shuningdek mojaroning asl sabablarini bartaraf etish zarur.
Tramp harbiy harakatga chek qo‘yish, o‘q uzishni to‘xtatish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini bildirgan va Rossiya inqirozni tinch yo‘l bilan hal etish niyatida ekanini tan olgan. Shu bilan birga mojaroni bartaraf qilish birinchi navbatda ziddiyat tomonlariga tegishliligini takrorlagan:
– Shart ikki tomon o‘rtasida kelishiladi – shunday bo‘lishi kerak, chunki muzokara jarayonining tafsiloti boshqalarga ma’lum emas. Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokara darhol boshlanishi kerak.
Tramp Putin bilan suhbatdan so‘ng darhol Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen, Fransiya va Finlyandiya Prezidentlari Emmanuel Makron va Aleksandr Stubb, Italiya va Germaniya yetakchilari Jorja Meloni va Fridrix Mers hamda Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali bog‘lanib, Kreml rahbari bilan kechgan muloqot haqida ma’lumot bergan. Ukraina matbuoti yozishicha, Tramp Rossiya rahbari bilan qo‘ng‘iroqlashishidan oldin ham Zelenskiy bilan bir necha daqiqa gaplashgan. O‘z navbatida, BMT Rossiya va AQSH Prezidentlari telefon muloqotini olqishladi. Tashkilot Bosh kotibi vakili Stefan Dyujarrik brifingda shuni ma’lum qilgan.
So‘nggi xabarlarga qaraganda, Tramp Vatikan Rossiya – Ukraina mojarosini to‘xtatish bo‘yicha muzokara taklif etganini oshkor qildi:
– Vatikan Rim papasi orqali tegishli muzokaraga mezbonlik qilishdan juda manfaatdorligini bildirdi. Jarayon boshlansin!
S.Rahimov, O‘zA