"PSJ" kutilmaganda yengildi, “Atletiko” esa g‘alaba qozondi
Amerika Qo‘shma Shtatlarida klublar o‘rtasida futbol bo‘yicha jahon chempionatining guruh bosqichi 2-tur bellashuvlari start oldi.
“A” guruhidagi uchrashuvlarda “Palmeyras” klubi “Al-Ahli” ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Shu guruhdagi yana bir bahsda esa “Inter Mayami” Portugaliyaning “Portu” jamoasini 2:1 hisobida mag‘lub etdi.

Ushbu natijalarga ko‘ra, “Palmeyras” hamda “Inter Mayami” jamoalari 4 tadan ochko jamg‘argan holda birinchi va ikkinchi o‘rinni egalladi. “Portu” va “Al-Ahli” esa 1 ochkodan qayd etgan holda 3-4 pog‘onada qolmoqda.
Guruhdagi hal qiluvchi 3-tur uchrashuvlari 24 iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Unda “Inter Mayami” — “Palmeyras”, “Portu” — “Al-Ahli” uchrashuvlari o‘tkaziladi. Ushbu bahslarda “Portu” va “Al-Ahli” klublari uchun faqat g‘alaba kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, “Inter Mayami” va “Palmeyras” jamoalariga navbatdagi bosqichga chiqish uchun durang ham kifoya qiladi.
“B” guruhida esa kutilmagan natija qayd etildi. Braziliyaning “Botafogo” jamoasi fransuz grandi “PSJ”ni 1:0 hisobida mag‘lub etib, 6 ochko bilan guruh peshqadamiga aylandi va keyingi bosqichga muddatidan avval yo‘l oldi.

Guruhdagi ikkinchi uchrashuvda “Atletiko Madrid” AQSHning “Sietl Saunders” jamoasini 3:1 hisobida yengdi. Natijada, “PSJ” va “Atletiko” 3 ochkodan jamg‘argan holda 2-3 o‘rinlarni egallab turibdi. “Sietl Saunders” esa ikki uchrashuvda ham mag‘lub bo‘lib, haligacha ochko qo‘lga kiritmagan.
3-tur doirasida “Atletiko Madrid” – “Botafogo” va “PSJ” – “Sietl Saunders” o‘yinlari 24 iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Bu bahslarda “Atletiko Madrid” uchun faqat g‘alaba zarur, “PSJ” esa keyingi bosqichga chiqish uchun durangga ham rozi bo‘ladi. Biroq bu holatda “Botafogo” mag‘lubiyatga uchramasligi lozim. “Sietl Saunders” uchun esa ushbu bahs natijasi ahamiyat kasb etmaydi.
Bugun, 20 iyun kuni “S” guruhidan “Benfika” – “Oklend Siti” (21:00), “D” guruhida esa “Flamengo” – “Chelsi” (23:00) uchrashuvlari o‘tkaziladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA