Prezidentimiz e’tirofi va e’tiboridan mamnunmiz
Bugun Davlatimiz rahbari Andijonga tashrif buyurdi. Tashrif davomida shubhasiz, viloyat hayotida katta o‘zgarishlar, bunyodkorlik ishlari, yangi yangi loyihalarni amalga oshirilishiga tamal toshi qo‘yiladi.
Prezidentimiz tashrifini Izboskan tumanidan boshlagani tumanimiz ahlini behad quvontirdi. Negaki yurt otasini qadami yetgan joyda baraka, rivojlanish bo‘ladi.

Tumanning chekka hududlaridan biri bo‘lgan Qo‘g‘ay qishlog‘idagi “Sohib omad barakasi” klasteri tomonidan yaqinda “And gold” tikuv-trikotaj fabrikasi ishga tushirilgan. Mazkur korxona faoliyati bilan tanishgan Yurtboshimiz bu yerda ishlovchi xotin-qizlar bilan suhbatlashdi. Ularning ishlariga omad tiladi.
Jumladan, Prezidentimizning: “Sizlarga o‘zimning hurmatimni, muhabbatimni bildiraman. O‘zlaringiz yashaydigan qishloqda ishli bo‘lganlaringizdan xursandman. Qachon Izboskanda mana shunday zamonaviy korxona bo‘lgan? Bu ishlarni yana davom ettiramiz. Xotin-qizlarimiz uchun hamma sharoitlarni yaratamiz.

Ayol ishli bo‘lib, kayfiyati yaxshi bo‘lsa, oilasi ham baxtli bo‘ladi» degan e’tiroflari nafaqat korxonada ishlovchi 800 nafardan ziyod xotin-qizni, balki butun izboskanlik ayollarni quvontiradi. Yurtboshimizning ushbu e’tirofi, qishloq ayollariga e’tibori biz – qishloq ayollari qalbini faxr-iftixorga to‘ldiradi, yurt ravnaqi uchun yanada fidoyi bo‘lib ishlashga undaydi.
Izboskanlik xotin-qizlar Prezidentimiz e’tiboriga javoban xalqimiz, opa-singillarimiz turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan yangi yangi tashabbuslar bilan ishlaymiz.

Dilfuza AHMEDOVA,
Xalq deputatlari Izboskan tuman kengashi deputati.
Temur MAMADAMINOV (surat), O‘zA