Prezident Yangi Toshkentda musiqali favvora loyihasi bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahrida barpo etiladigan favvora majmuasi loyihasi bilan tanishdi.
Mamlakatimizda aholi uchun zamonaviy jamoat makonlari, ko‘ngilochar va madaniy hordiq maskanlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu kabi loyihalar shaharlar qiyofasini boyitish, aholi uchun qulay dam olish muhitini yaratish, shuningdek, mahalliy va xorijiy mehmonlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Yangi Toshkentda qariyb 8 gektardan iborat maydonda musiqali favvora majmuasi barpo etish rejalashtirilgan.

Loyihaga ko‘ra, suv yuzasining umumiy maydoni 6,3 gektarni tashkil etadigan havzada 1,5 gektar maydonda suv, musiqa va yorug‘lik uyg‘unligidagi shoularni o‘tkazish imkonini beradigan favvora barpo etiladi. Majmua tarkibida suvni 232 metr balandlikkacha ota oladigan super favvora, diametri 100 metrli suzuvchi platforma bo‘ladi.
Favvora radiusi 185 metr bo‘lgan, 360 darajali suv ekranini hosil qilish hamda uning yuzasida turli tasvirlarni proyeksiya qilishga qodir bo‘ladi.
Shuningdek, yuqori quvvatli lazer nurlari, dinamik suv kompozitsiyalari va turli vizual effektlardan foydalanish rejalashtirilgan. Nasos, elektr, lazerli proyeksiya va boshqa texnik tizimlar yer ostidagi ikki qavatli inshootda joylashtiriladi.

Suv havzasi atrofida yashil hududlar hamda xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Ushbu majmua Yangi Toshkentning eng diqqatga sazovor joylaridan biriga aylanishi, shaharning me’moriy qiyofasini boyitishi va turli madaniy tadbirlar, bayram hamda festivallar uchun yana bir zamonaviy maskan bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
Davlatimiz rahbari loyihaning mazmun-mohiyati, texnik yechimlari va hududni kompleks obodonlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Bu yerga tashrif buyuruvchilar uchun zamonaviy savdo, ovqatlanish va servis xizmatlarini sifatli tashkil etish muhimligini ta’kidladi. Shu bilan birga, ayni hududda joriy yilgi Mustaqillik bayrami munosabati bilan shou tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazish zarurligi qayd etildi.
