Prezident topshirig‘i amalda: Romitanda markaz ochildi
Buxoro viloyati Romitan tumani tibbiyot birlashmasi tarkibida tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazi ish boshladi.
Markazning qurilish ishlari uchun 8 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan berilgan 9 milliard so‘mga markaz zamonaviy jihozlandi. Multispiral kompyuter tomografiyasi (MSKT) apparati, zamonaviy raqamli rentgen, laparoskop, videoendoskop, videobronxoskop, defibrilyator, IBL, UZI, laboratoriya va gemodializ apparatlari keltirilib o‘rnatildi. Bu zamonaviy uskunalar vositasida 50 o‘ringa mo‘ljallangan markazda kuniga yana shuncha bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan.

– Markazga keltirilgan bemorlarga zamonaviy tibbiy apparaturalardan foydalangan holda yuqori texnologik operatsiyalar, shu jumladan, yurak-qon tomirlariga stend qo‘yish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi rahbari Jamshid Tohirov. – Kompyuterli tomograf va zamonaviy rentgen apparati yordamida bemorlarga shoshilinch ravishda tashxis qo‘yish, o‘z vaqtida yuqori malakali shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyati mavjud. Tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazi Romitan, Peshku va Buxoro tumanlari aholisiga ham shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatadi.

E’tiborlisi, tumanlararo markazda oliy toifaga ega 36 nafar shifokor, 73 nafar o‘rta tibbiyot xodimi, 30 nafar kichik tibbiyot xodimi faoliyat ko‘rsatmoqda. Tumanlararo markazni foydalanishga topshirish tadbirida Romitan tumani hokimi Umid Barnoyev boshchiligidagi sektor rahbarlari, jamoatchilik vakillari, faxriy shifokorlar, tibbiyot birlashmasi xodimlari qatnashdi.

Yana bir muhim jihati “A-380” rusumli avtomagistral – “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” xalqaro avtomobil yo‘lining Romitan tumani, Gazli shaharchasi va “Qizilravot” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tgan qismida sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalari natijasida turli darajadagi tan jarohati olayotganlarga shoshilinch va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida tez tibbiy yordam maskaniga Prezident sovg‘asi reanomobil avtomobili topshirildi.


Ma’lumot uchun Prezidentimizning 2021 yil 26 iyuldagi “Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2021-2022 yillarda Respublika bo‘yicha jami 35 ta tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarini tashkil etish belgilangan.
Zarif Komilov,
O‘zA