Prezident topshirig‘i amalda: mikro GESlar qurilmoqda
Davlatimiz rahbari shu yil 1 fevral kuni Andijon viloyatiga tashrifi doirasida iqtisodiyot tarmoqlari va aholi sonining o‘sishi bilan elektr iste’moli ortib borayotganligi, bu borada yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish, quyosh, shamoldan elektr energiyasi olishga qaratilgan loyihalarni hamda gidroelektr stansiyalarni ishga tushirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.
Ana shu topshiriqlardan kelib chiqib Andijon viloyatida 41 ta mikro gidroelektr stansiyalarini qurish va ishga tushirish belgilandi. bugungi kunda xitoylik, rossiyalik mutaxassislar jalb etilib, mazkur yo‘nalishda bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Jalaquduq va Andijon tumanlarida bo‘lib, mini gidroelektr stansiyalar qurilishi jarayonlari bilan tanishdi.
[gallery-11501]
Dastlab viloyat hokimi Jalaquduq tumanidagi Haqiqat mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Qorag‘ulon tashlamasida barpo etilayotgan 90 megavat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega kichik GES qurilishi jarayonini ko‘zdan kechirdi, mutasaddi, mutaxassislar bilan muloqot o‘tkazdi. Belgilangan ishlarni sifatli va belgilangan muddatda amalga oshirish bo‘yicha tavsiya va ko‘rsatmalar berdi. Shundan so‘ng viloyat rahbari Andijon tumanidagi Yangi to‘lqin mahallasi hududida qurilayotgan mini gidroelektr stansiyasini borib ko‘rdi.
Mutaxassislarning aytishicha, yillik quvvati 1,18 million kilovattni tashkil etadigan mazkur mikro GES foydalanishga topshirilgach, soatiga 200 kVt elektr energiyasi ishlab chiqariladi, hudud aholisining elektr energiyasiga bo‘lgan talabi to‘la qondiriladi. Viloyat hokimi GESlar qurilishi bilan bog‘liq ishlarni sifatli va samarali tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga zarur topshiriq va tavsiyalar berdi.
Umuman, viloyatda mavjud imkoniyatlardan keng foydalanish, ya’ni yangi gidroelektr stansiyalar qurish, uzoq yillardan buyon ishlamay turgan mini GESlarni ishga tushirish orqali aholini elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirishga qaratilgan ishlar reja asosida olib borilmoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA