Prezident sovg‘alari bolajonlarga quvonch ulashdi
Yangi yil shukuhi yurtimiz bo‘ylab kezib yurgan shu kunlarda Prezident sovg‘asini hammadan ham ko‘ra bolajonlar o‘zgacha ishtiyoq bilan orziqib kutadi. Shu munosabat bilan Toshkent viloyati shahar-tumanlarida teatrlashtirilgan “Prezident archasi” bayram tomoshalari o‘tkazilmoqda.
Xususan, Nurafshon shahridagi Yoshlar markazida 3-15 yoshdagi ota-onadan qarovsiz qolgan bolalar, Oilaviy bolalar uylari, Muruvvat uyi tarbiyalanuvchilari hamda xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar farzandlari uchun bayram tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev so‘zga chiqib barcha bolalarni bayram bilan tabriklab, o‘zining samimiy tilaklarini bildirdi. Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda yosh avlodni sog‘lom va barkamol tarbiyalash, ularning munosib sharoitlarda ta’lim-tarbiya olishi va ulg‘ayishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu yil ham hududda mas’ul tashkilotlar hamkorligida Yangi yil bayramini yuqori saviyada o‘tkazish, bolajonlarga quvonch ulashish uchun puxta hozirlik ko‘rildi. Barcha sovg‘alarga 12 turdagi o‘quv qurollari va 15 turdagi shirinliklar jamlangan. Prezident sovg‘alarini viloyat hokimi bolalarga taqdim etdi.
Shundan so‘ng musiqali sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Ko‘zlarida quvonch aks etgan bolajonlar qorbobo, qorqiz va ertak qahramonlari bilan suratga tushdi. Ular barchaga o‘z minnatdorligini bildirdi.

Bundan tashqari, Chirchiq shahrida “Qorbobo kubogi” nomli ommaviy sport tadbirlari doirasida tosh ko‘tarish, armrestling va stol tennisi bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tdi. Chirchiq shahar sport maktabi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur bellashuvlarda g‘oliblar Toshkent viloyati sport boshqarmasi tomonidan ajratilgan sovg‘alar bilan mukofotlandi.

Shuningdek, Qibray tumanidagi 42-sonli tayanch-harakatida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida tashabbuskor va saxovatpesha homiylarning ko‘magi bilan e’tiborga muhtoj bolajonlar uchun Yangi yil bayrami tadbiri o‘tkazildi.

Respublika bolalar ortopediya markazida davolanib, mazkur maktabda ta’lim-tarbiya olayotgan, tayanch harakatida nuqsoni bo‘lgan, shirin so‘z va mehrga muhtoj bolajonlarga ustozlari tomonidan sahnalashtirilgan bayram tadbirida qorbobo va qorqiz hamda ertak qahramonlarining chiqishlari murg‘ak qalb egalari hamda ularning ota-onalariga bayram kayfiyatini ulashdi.

Tadbirda tashkilotchilar tomonidan 150 nafar o‘quvchiga yangi yil sovg‘alari topshirildi.
A.Musayev,O‘zA.