Prezident saylovida ovoz berish yakunlandi
Bugun – 2023 yil 9 iyul kuni O‘zbekistonda muhim siyosiy tadbir – muddatidan oldin Prezident saylovi bo‘lib o‘tdi. Ertalab soat 08.00 da boshlangan tadbir 20.00 da yakuniga yetdi.
Toshkent shahar Yakkasaroy tumanidagi 576 – saylov uchastkasida 2 ming 14 nafar fuqaro ro‘yxatga olingan bo‘lsa, ularning 80 foizdan ortig‘i saylovda ishtirok etib, o‘zlari tanlagan nomzodga ovoz berdi.
Saylov uchastkasi raisi Jaloliddin Xoltoyevning qayd etishicha, uchastkaga “Konstitutsiya” nomli mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi qamrab olingan. Mahalla ahli ovoz berishda faol ishtirok etdi.
Ovoz berish jarayonini siyosiy partiyalar vakillari, jamoatchilik hamda xalqaro kuzatuvchilar kuzatib bordi.
Xususan, mazkur uchastkaga 23 nafar xalqaro kuzatuvchi tashrif buyurdi. Kuzatuvchilardan hech qanday e’tirozlar bildirilmadi.
Siyosiy partiyalar vakillaridan bo‘lgan kuzatuvchilarga ham zarur sharoitlar ta’minlandi.
- Prezident saylovida kuzatuvchi bo‘lib ishtirok etdim, - deydi “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Toshkent shahar Yakkasaroy tumani raisi Farhod Saidov. - Saylov uchastkasida to‘rtta partiya vakili bo‘lgan kuzatuvchilarning barchasiga teng sharoit ta’minlandi. Ovoz berish jarayonlarida noqonuniy holatlar kuzatilmadi.
Uchastkada 20.00 da ovoz berish yakunlanib, saylov uchastkasi komissiyasi a’zolari yig‘ilgan ovozlarni sanashga kirishdi. Kuzatuvchilar bu jarayonni ham kuzatib bormoqda.
N.Abduraimova, O‘zA