Prezident qarorlari ijrosi tanqid qilindi
Jizzaxda Davlat dasturlaridagi vazifalar ijrosiga bag‘ishlab viloyat qurilish shtabining navbatdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat prokurori, qurilish shtabi boshlig‘i Islomjon Ergashxodjayev tomonidan Prezidentimizning 2021 yil 10 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi hamda boshqa davlat dasturlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda joriy yil 22 yanvardagi “2022-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotganligi keskin tanqid qilindi.

Jumladan, investitsiya dasturi doirasida ichimlik suv ob’ektlaridan 4 ta, irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlaridan 6 ta, ijtimoiy soha va boshqa ob’ektlardan 12 tasi foydalanishga topshirilmaganligi muhokama qilindi. Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish uchun ajratilgan mablag‘larni maqsadli ishlatish hamda ob’ektlarni belgilangan muddatlarda yakunlab, foydalanishga topshirish yuzasidan vakolatli tashkilotlarga ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Shu kunning o‘zida viloyat prokuraturasi tomonidan Jizzaxdagi Prezident Xalq qabulxonasi bilan birgalikda Arnasoy tumanining 2-sektor hududiga kiruvchi eng olis va chekka hudud “Chinobod” mahalla fuqarolar yig‘inida navbatdagi sayyor qabul va yoshlar bilan uchrashuv tashkil qilindi.
Qabul avvalida tuman prokurori tashabbusi bilan bunyod etilgan tibbiyot punkti ochildi. Unda mehnat faxriylari, mahalla faollari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Sayyor qabulda fuqarolardan turli xil mazmundagi murojaatlar bo‘ldi. Aksariyati joyida qanoatlantirilgan bo‘lsa, qolganlari yuzasidan mutasaddi tashkilot rahbarlariga aniq vazifalar yuklatildi. Muddat belgilandi va ularning ijrosi viloyat prokuraturasi nazoratiga olindi.

Bundan tashqari, ushbu tadbir nihoyasida 1 nafar fuqaroga imtiyozli bank krediti hisobidan motokul’tivator, “Ayollar daftari” ro‘yxatida turgan xotin-qizlarning 2 nafariga mikroto‘lqinli pech, 6 nafariga subsidiya mablag‘lari asosida tikuv mashinasi ajratilganligi to‘g‘risidagi sertifikatlar topshirildi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA