“Prezident olimpiadasi”ga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda
Yana 12 kundan so‘ng mamlakatimiz sportchi yoshlari “Prezident olimpiadasi” final musobaqalarida sovrinli o‘rinlar uchun kurashga kirishadi.
Joriy yilning 27-oktabr- 8-noyabr kunlari Toshkentdagi “Olimpiya shaharchasi” sport majmualarida hamda Chirchiq shahridagi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti sport maydonlarida “Prezident Olimpiadasi” musobaqalarining respublika final bosqich bahslari bo‘lib o‘tadi.
Yangi O‘zbekistonning yangi g‘alabalarini ta’minlashga qaratilgan "Prezident olimpiadasi" musobaqalarining bu yilgi final musobaqalarini har jihatdan ko‘tarinki ruhda o‘tkazish, har bir sport turi bo‘yicha kechadigan bahslarni sifatli tashkil etish, ishtirokchilarni kutib olish, musobaqalar o‘tadigan sport majmualarni tayyorlash, texnik vazifalarni muvofiqlashtirish borasida Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda daxldor tashkilotlar hamkorligiligida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Aytish lozimki, mamlakatimizdagi 208 ta tumanda tashkil etilgan “Prezident olimpiadasi”ning ilk bosqichida 330 ming nafarga yaqin yosh sportchilar ishtirok etdi.
Unda sovrinli o‘rinlarni egallagan 30 ming nafardan ziyod iqtidorlilar shu yil may-iyun oylarida hududlarda tashkil etilgan 2-bosqichda o‘z mahoratini namoyish etdi.
Ular orasidan saralangan eng kuchlilar shu kunlarda respublika final bosqichida qatnashishga hozirlik ko‘rmoqda.
Shu kunlarda “Prezident olimpiadasi” final musobaqasini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida “Olimpiya shaharchasi” hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida ishchi guruh o‘z faoliyatini olib bormoqda.

Kuni kecha ishchi guruh a’zolari O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti sport majmualarida yengil atletika, boks va qilichbozlik bo‘yicha musobaqalar o‘tadigan majmualar holati, yosh sportchilar yashaydigan yotoqxonalarda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Mutasaddilar, murabbiylar va mas’ullar bilan muloqotlar davomida hududlardan keladigan jamoalarni kutib olish, mashg‘ulot jarayonlarini tashkil etish, musobaqa zallaridagi qulaylik, sport maydonlarining texnik imkoniyatlari tahlil qilinib, qilinishi kerak bo‘lgan ishlar yuzasidan zarur tavsiyalar aytib o‘tildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA