Prezident murojaatnomasi - olimlar nigohida
Toshkent davlat yuridik universitetida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi - olimlar nigohida” mavzuida respublika ilmiy-amaliy davra suhbati o‘tkazildi.
Unda TDYUU professor-o‘qituvchilari va talabalari, huquqshunos olim va mutaxassislar, universitet qoshidagi akademik litsey o‘quvchilari, Olmazor tumani maktablari o‘qituvchilari va jurnalistlar ishtirok etdi.
Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Rahimjon Hakimov, kafedra mudiri Sardorbek Yusupov davlatimiz rahbari Murojaatnomasida inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, ayniqsa, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratilganini ta’kidladi.
Joriy yilning “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nom berilgani zamirida aynan shu maqsad mujassam .
Murojaatnomada ta’kidlab o‘tilganidek, biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak.
Bu borada universitet professor-o‘qituvchilari oldida muhim vazifalar turibdi. Bunda yuridik fan va ta’limni yanada takomillashtirish alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, professional yuridik ta’lim, avvalo, jamiyat huquqiy madaniyatining muhim qismi hisoblanadi va uni yuristlarning bir avlodidan keyingisiga yetkazadi.
Qolaversa, yurtimizda amalga oshirilayotgan, har bir sohaning me’yoriy-huquqiy negizini mustahkamlashga qaratilgan islohotlar ko‘p jihatdan aynan yosh huquqshunoslar salohiyati va ilmiy kadrlarning imkoniyatiga bog‘liq.

Bu, avvalo, o‘qitish uslubiyoti va o‘quv dasturlarini tubdan yangilash, zamonaviy darsliklarni yaratish, ta’limga axborot texnologiyalarini joriy etish, faol xalqaro integratsiya demakdir.
Endilikda yuridik kadrlarni nafaqat davlat va nodavlat sektorda faoliyat yuritish uchun, balki innovatsion yondashuv asosida sohaga oid faoliyat bilan shug‘ullanuvchi frilanser yoki startap-akselerator kabi butun dunyoda talab katta bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash maqsadga muvofiq ekanligi anjumanda alohida ta’kidlandi.
Joriy yilda universitetda innovatsiyalarni joriy etish yo‘nalishidagi ishlar izchil davom ettiriladi. Jumladan, hozirda TDYUUda “Huquqingiz bor” innovatsion loyihasi orqali dolzarb va qiziqarli mavzularda nafaqat huquqiy-ommabop risolalar, balki Android va iOS operatsion tizimlari uchun mo‘ljallangan “Huquqiy Shahar” mobil ilovalari foydalanuvchilarga taqdim etilmoqda. Bu, o‘z navbatida, huquqiy targ‘ibot sohasiga innovatsion yondashuvlarni joriy qilish orqali aholi huquqiy bilimlarini oshirishga xizmat qilmoqda.
Davra suhbatida yuridik ta’limning uslubiy asoslarini yanada takomillashtirishga yo‘naltirilgan ilmiy faoliyatni jonlantirish haqida so‘z yuritildi.
Tadbir ishtirokchilari e’tiboriga huquqshunos olimlarning iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirishning dolzarb vazifalari, ijtimoiy soha va tashqi siyosat kabi yo‘nalishlardagi ma’ruzalari havola etildi.
Tadbir yakunida yuridik ta’lim va fan oldida turgan vazifalar belgilab olinib, ularni amalga oshirish bo‘yicha fikr-mulohaza va tavsiyalar bildirildi.
Muattar Burhonova, O‘zA