Prezident maktabiga kirish imtihonlari boshlandi
Namangan viloyatining Davlatobod tumani “Yuksalish” massividagi Bilim va malakalarni baholash agentligi qoshidagi test sinovlari markazi, Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasi hamda Yangi Namangan tumanida joylashgan Namangan muhandislik-qurilish instituti qoshidagi akademik litseyda ajratilgan maxsus yopiq zalda Prezident maktabiga kirish imtihonlarining birinchi bosqichi boshlandi.
Har uchta majmuada tashkil etilgan imtihonlarga puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari jamoat tartibini saqlashga mas’ul bo‘lishsa, viloyatdagi ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining uch yuzdan ortiq muallimlari imtihonlarga kuzatuvchi sifatida biriktirilgan. Qolaversa, imtihon joylarida o‘quvchilarning ota-onalari va yaqinlari uchun zarur sharoitlar yaratildi. Ular imtihon jarayonlarini maxsus monitorlar orqali kuzatib borish imkoniyatiga ham ega bo‘ldi.

Prezident maktabi o‘quvchisi bo‘lish istagidagi nomzodlar uchun imtihon savollari dunyoga mashhur Kembrij universitetining “Cambridge assessment international education” brendi ostida faoliyat yurituvchi imtihon kengashi tomonidan tayyorlangan. Dastlabki bosqichda da’vogarlar belgilangan 60 daqiqa davomida matematika fani bo‘yicha 30 ta topshiriqdan iborat test savolini ishladi. Ilk bosqichdan o‘tgan 480 nafar talabgor keyingi bosqichda axborotni tahlil qilish va solishtirish qobiliyatini aniqlash bo‘yicha mantiq elementlari bo‘lgan matematika faniga oid 40 ta masala, ingliz tilidan esa 40 ta test savoliga javob topishi lozim.

Imtihon jarayonlari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi mutaxassislari tomonidan nazorat qilib borilmoqda.
– Dunyodagi eng yaxshi investitsiya bu farzandga tikilgan sarmoyadir. Shu boisdan ham uch nafar farzandimni elimiz koriga yaraydigan ziyoli insonlar qilib tarbiyaladim, endi navbat nabiralarimga, – deydi mehnat faxriysi Rahmonjon Abdullayev. – Egizak nabiralarim Hasan va Zuhra Davlatobod tumanidagi 49-sonli umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinfini a’lo baholarga tugatdi. Prezident maktabiga kirishga jiddiy ahd qilib, ayniqsa, matematika, mantiq va ingliz tili bo‘yicha puxta tayyorgarlik ko‘rdi. Sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tishsa, bag‘oyat xursand bo‘lamiz.

Ma’lumot o‘rnida, 2019 yilda respublikamizda birinchilardan bo‘lib tashkil topgan Namangandagi Prezident maktabini tamomlaydigan bitiruvchilarning barchasi mamlakatimiz rahbarining 2021 yil 19 iyuldagi “Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga binoan oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli ravishda davlat granti asosida qabul qilinadi. Qolaversa, xalqaro va nodavlat oliygohlarda o‘qish istagidagi o‘quvchilarga kontrakt pullari davlat hisobidan qoplab beriladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri