Prezident maktabi xalqaro tashkilot vakillari nigohida
Mamlakatimizda tashkil etilayotgan Prezident maktablari yangi avlod kadrlarini tarbiyalashda muhim asos bo‘lishi shubhasiz. Chunki bu o‘quv maskanlari iqtidorli bolalarni aniqlash, ilg‘or texnologiyalarni qo‘llagan holda ularga saboq berish va tarbiyalash bo‘yicha yaxlit tizim hisoblanadi. Prezident maktablarida ta’lim jarayoni rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha ingliz tilida olib borilmoqda.
Ma’lumki, 2021 yil 10 sentyabr kuni Axborot texnologiyalari sohasida salohiyatli kadrlar tayyorlash va iqtidorli yoshlar bilan tizimli ishlash masalalari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va hududlarga biriktirilgan xorijiy davlatlardagi elchilarimiz Prezident maktablari faoliyatini samarali yuritishga, xorijiy ilg‘or tajribalarni joriy etishga shaxsan mas’ulligi belgilab qo‘yilgan edi.
Shu bois, Toshkent shahridagi Prezident maktabida qator xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi elchilari va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan maskandagi ta’lim jarayonlari hamda yaratilgan shart-sharoitlarni yaqindan tanishtirish maqsadida uchrashuv o‘tkazildi.
Yuqori darajali tadbir Prezident ta’lim muassasalari agentligi tomonidan tashqil qilindi. Unda Germaniya, Hindiston, Shveysariya, Turkiya, Latviya, Italiya va Koreya davlatlari elchilari hamda KOICA, YUNISEF va YUNESKO tashkiloti vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda doirasida o‘quv dasturlari, adabiyotlar va jihozlar, malakali pedagoglar va moliyaviy grantlar jalb qilish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan muhokama olib borildi. Shuningdek, mehmonlarga Toshkent shahridagi Prezident maktabida o‘quvchilarning bilimga bo‘lgan qiziqishlari, ularning innovatsion texnologiyalar bilan ishlash salohiyati va yetuk kadrlarni tayyorlashda yaratilayotgan imkoniyatlar yaqindan tanishtirildi.
– bugungi kunda O‘zbekistonda davlat ta’lim tizimiga bo‘lgan e’tibor yuqori. Elchilar va xalqaro tashkilotlar vakillari Prezident maktablari faoliyatini yuksak e’tirof etmoqda. Ularni o‘quvchilarimizning yutuqlari bilan yaqindan tanishtirdik, o‘qituvchi va o‘quvchi yoshlar birgalikda amalga oshirgan loyihalar ularda katta qiziqish uyg‘otdi, – dedi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori Hilola Umarova. – Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan Prezident maktablarining barchasi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi. Prezidentimiz selektor davomida yangi dastur va texnologik yo‘nalishlarda xalqaro maktablar bilan tajriba almashish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab berdilar. Prezident ta’lim muassasalari agentligida “Renessans” nomli oromgohimiz bor, bunda qator davlatlar bilan o‘quvchilar almashinuvi va birgalikda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ish olib bormoqdamiz.
Shuningdek, Prezident maktablariga investitsion va innovatsion yo‘nalishlarni joriy qilish bo‘yicha yangi tizim tashkil etiladi.
Jumladan, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi xorijdan o‘quv dasturlari, adabiyotlar va jihozlar, malakali pedagoglar va moliyaviy grantlar jalb qilishga ko‘maklashishi belgilandi. Bundan tashqari, xorijiy maktablar bilan o‘qituvchi va o‘quvchilarni almashish dasturlari ham amalga oshiriladi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yil 1 oktyabdan Buxoro, Farg‘ona, Jizzax, Samarqand, Qarshi, Andijon, Guliston, Navoiy, Termiz va Nurafshon shaharlarida 10 yangi Prezident maktablari ochilishi kutilmoqda. Hozirga qadar Toshkent, Namangan, Xiva va Nukus shaharlarida Prezident maktablari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA