Prezident: Madaniyat va san’at ham xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradigan ko‘prik
Prezident Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va san’at sohasi xodimlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda.
Yaqin yillarda madaniyat va san’atda qo‘shilgan qiymatni ko‘paytirish orqali kreativ iqtisodiyotni 145 trillion so‘mga yetkazish reja qilingan.
Shu maqsadda sohaning huquqiy asosi yaratildi, Kreativ industriya parki rezidentlariga alohida soliq rejimi joriy etildi. Shayxontohur tumani va Nukus shahrida yirik kreativ parklar qurilishi boshlandi. Toshkent shahrida sentabrda ishga tushiriladigan Zamonaviy san’at markazi ham yoshlarimiz uchun ijod maydoni bo‘lib xizmat qiladi.
Milliy mahsulotlarimizda zamonaviy dizayn elementlarini ko‘paytirish uchun hunarmandlarni tez-tez xalqaro ko‘rgazmalarga olib borish kerakligi ta’kidlandi. Nufuzli dizaynerlar bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha dastur qilinib, Yevropa, AQSH, Janubiy va Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq mamlakatlarida bunday ko‘rgazmalar ko‘paytiriladi.
— Bugun O‘zbekiston barcha sohada dunyoga chiqyapti, dunyo bizga kelyapti. Madaniyat va san’at ham xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradigan ko‘prik, – dedi Prezidentimiz.
Misol uchun, Namanganda 24-may kuni boshlangan Gullar festivaliga hozirgacha 1,5 million nafar sayyoh tashrif buyurdi, ushbu tadbir “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kiritildi.
Mutasaddilarga har bir hududda mana shunday nufuzli tadbirlarni yil davomida tashkil qilish bo‘yicha dastur ishlab chiqib, amaliy ishlarni boshlash topshirildi.
O‘zA