Prezident farmon va qarorlari ijroda va nazoratda
Romitan tumani tibbiyot birlashmasida Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan amaliy seminar o‘tkazildi.
Tadbir Prezidentimizning farmon va qarorlari ijrosi, onalik va bolalikni muhofaza qilish, reproduktiv salomatlikni mustahkamlash hamda jamoatchilik nazorati xonalarining faoliyatiga bag‘ishlandi.
Seminarda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining markaziy apparat xodimlari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i – tuman hokimi o‘rinbosari viloyat perinatal markazi, bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, reproduktiv va skrining markazi rahbarlari hamda barcha shahar va tuman tibbiyot birlashmalarining boshliqlari, Onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha o‘rinbosarlar, tug‘uruq muassasasi rahbarlari, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarning “Ayollar maslahatxonasi” va “Bolalar bo‘limi” mudirlari qatnashdi.
[gallery-11346]
– Seminarda dastlab Romitan tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikaning “Ayollar maslahatxonasi” va Bolalar bo‘limi faoliyati bilan tanishildi, – deydi Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining Onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha o‘rinbosari Xushnud Jalilov. – Raqamlashlashtirish ishlarida elektron poliklinika, statsionarlar orasidagi integratsiya, “Ona va bola klasteri” da homiladorlar elektron ba’zasi va homiladorlar marshruti, “Onkonazorat xonasi”, tibbiyot brigadalaridagi doyalarning roli hamda bolalar bo‘limidagi tor soha mutaxassislari faoliyati yuzasidan tajriba almashildi. Shuningdek, kunduzgi shifoxonalarda homiladorlar va bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat, onalik va bolalikni transformatsiya qilish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilganligi kabi ustuvor yo‘nalishlar ko‘rib chiqildi.
Prezidentimizning farmon va qarorlariga muvofiq “Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun” tamoyili asosida Romitan tumani tibbiyot birlashmasidagi tumanlararo gemodializ, qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir xirurgiyasi markazi hamda tumanlararo perinatal markazlarida yaratilgan imkoniyatlar o‘rganildi.
Shu bilan birga, sohada korrupsiyaga qarshi kurashish, shaffoflikni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Buxoro viloyati bo‘limi, oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamda sog‘liqni saqlash boshqarmalari hamkorligida barcha tug‘uruq muassasalarida, jumladan, Romitan tumanlararo perinatal markazida tashkil etilgan jamoatchilik nazorati xonasi faoliyati o‘rganildi. Bunda ushbu jamoatchilik nazorati xonasining afzalliklari bo‘yicha seminar ishtirokchilari va tug‘uruq muassasalari rahbarlari o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Shundan so‘ng, birlashmaning majlislar zalida seminarning nazariy qismi o‘tkazildi. Bunda, Sog‘liqni saqlash vazirligida o‘tkazilgan seminar yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini bajarish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. Seminar so‘ngida onalik va bolalikni muhofaza qilish, reproduktiv salomatlikni mustahkamlash, onalik va bolalikni transformatsiya qilish kabi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA