Poytaxt aholisi eng ko‘p band bo‘lgan sohalar ma’lum qilindi
Biznes va innovatsiyalar markaziga aylanib borayotgan Toshkent shahrida aholi asosan qaysi sohalarda mehnat qiladi? Poytaxt iqtisodiyotining drayverlari qaysi tarmoqlar hisoblanadi?
Milliy statistika qo‘mitasi Toshkent shahridagi band aholi sonining iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha taqsimotiga oid ma’lumotlarni e’lon qildi.
2026-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, axoli poytaxtda asosan savdo, sanoat va qurilish sohalarida mehnat qilmoqda.
Toshkent shahrida eng ko‘p ishchi kuchi ulgurji va chakana savdo sohasiga to‘g‘ri kelishini ko‘rish mumkin. Bu tarmoqda 241,6 ming kishi faoliyat yuritmoqda. Poytaxtda tadbirkorlik va tijoratning rivojlanishi ushbu sohani yetakchiga aylantirgan.
Ikkinchi o‘rinda esa ishlab chiqarish sanoati bormoqda. Bugungi kunda Toshkentdagi turli zavod va korxonalarda 188,9 ming kishi mehnat qilmoqda. Shahar qiyofasini tubdan o‘zgartirayotgan qurilish sohasida esa 161,2 ming kishi bunyodkorlik ishlarini amalga oshirmoqda.
Poytaxtda ta’lim va tibbiyot tizimi ham salmoqli ishchi o‘rniga ega. Xususan, ta’lim sohasida 139,4 ming kishi kelajak avlodga bilim berayotgan bo‘lsa, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish yo‘nalishida 79,1 ming xodim aholi salomatligi yo‘lida xizmat qilmoqda. Shuningdek, davlat boshqaruvi, mudofaa va majburiy ijtimoiy ta’minot tizimida 118,6 ming kishi faoliyat yuritmoqda.
Toshkent transport va logistika markazi sifatida ham faol. Tashish va saqlash (transport) sohasida 103,1 ming kishi band. Poytaxtda yashash va ovqatlanish xizmatlarida 77,1 ming kishi mehnat qilmoqda. Shuningdek, boshqa turdagi xizmatlar ko‘rsatish sohasida 96,2 ming kishi faoliyat olib bormoqda.
So‘nggi yillarda ommalashib borayotgan zamonaviy va intellektual sohalarda ham faoliyat yurituvchi aholi soni ham ortgan.
Statistikaga ko‘ra, professional, ilmiy va texnik faoliyat bilan 71,2 ming kishi, axborot va aloqa (IT va telekom) yo‘nalishida 71,1 ming kishi hamda moliyaviy va sug‘urta faoliyatida 43,5 ming kishi mehnat qilmoqda. Bundan tashqari, boshqarish bo‘yicha faoliyat va yordamchi xizmatlar ko‘rsatishda 33,1 ming kishi, ko‘chmas mulk bilan operatsiyalarda esa 31 ming kishi band.
Poytaxt yirik megapolis bo‘lgani sababli, tabiiyki, yer va tabiiy resurslar bilan bog‘liq tarmoqlarda bandlik darajasi ancha past. Tog‘-kon sanoati va ochiq konlarni ishlash sohasida 29,3 ming kishi, san’at, ko‘ngilochar va dam olish yo‘nalishida esa 20,1 ming kishi ishlaydi.
Ishchi kuchi eng kam ro‘yxatga olingan tarmoqlar esa suv bilan ta’minlash, kanalizatsiya va chiqindilarni utilizatsiya qilish (13,5 ming kishi), elektr, gaz bilan ta’minlash (7,7 ming kishi) hamda qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi (5,8 ming kishi) sohalari bo‘ldi.
Xulosa qilib aytganda, Toshkent shahri bugungi kunda yirik savdo, sanoat va xizmat ko‘rsatish markazi sifatida o‘z maqomini saqlab qolmoqda va aholini ish bilan ta’minlashda yetakchilik qilmoqda.
Hamroz Bayonov, O‘zA