“Poyjo‘y” mahallasi obod bo‘lmoqda
Mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlarda olib borilayotgan tub islohotlardan ko‘zlangan bosh maqsad xalqimizning hayotiy talab hamda ehtiyojlarini ta’minlash, odamlarimizni rozi qilishdan iboratdir.
Bu ezgu niyat yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami tobora ortib, yangi ma’no va mazmun bilan boyimoqda. Davlat rahbarining tashabbusi bilan hayotga joriy etilgan yangicha tizim “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli qurilish, ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari hamda boshqa tadbirlar xalqimiz, ayniqsa, olis va chekka hududlarda yashayotgan yurtdoshlarimiz hayotida chin ma’noda yangi sahifa ochishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Buxoro viloyati Romitan tumanidagi olis va og‘ir hududlarda ham keng qamrovli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Tuman hokimligi va tuman Xalq qabulxonasi hamkorligida tumandagi og‘ir hududlar toifasiga kiritilgan 5 ta hududdan biri bo‘lgan 4-sektorga qarashli Poyjo‘y mahalla fuqarolar yig‘inida belgilangan chora-tadbirlar rejasi asosida obodonlashtirish, ta’mirlash, ko‘kalamzorlashtirish, muammolarni xonadonbay o‘rganish, aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va boshqa tadbirlar amalga oshirildi.
Tadbirga tumandagi 20 dan ortiq tashkilot va korxonalardan 300 ga yaqin ishchi-xodimlar jalb etildi. Poyjo‘y mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 4 ta – Yuqori Poyjo‘y, Quyi Poyjo‘y, O‘zbakon, Qalibolo qishloqlari joylashgan. Bu hududda 3 ming 900 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi.

– Tadbir davomida ikkita kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan xonadonning tom qismi shifer qilib berildi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Romitan tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri G‘.Muyassarov. – Tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi tomonidan “Poyjo‘y”, “Qalibolo” qishloqlarining 660 metr ichki xo‘jalik yo‘llari shag‘allashtirildi. Tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan 2 ta transformator va 2,2 kilometr havo liniyalari joriy ta’mirlandi. Tuman gaz ta’minoti korxonasi tomonidan 1 ming 250 metr gaz quvurlari tekislanib, bo‘yoqlandi. 3 ta gaz taqsimlash punktlari joriy texnik taftishdan o‘tkazildi. Tuman suv ta’minoti korxonasi tomonidan mahalla hududidan o‘tuvchi ichimlik suv quvurining Poyjo‘y, Qalibolo qishlog‘idan o‘tuvchi qismining 5 ta joyida jo‘mrak o‘rnatib, ishga tushirildi.

Tuman Obodonlashtirish boshqarmasi ishchi xodimlari tomonidan 500 metr ariq hashar qilindi. 1,5 kilometr uzunlikdagi yo‘l yoqalari obodonlashtirildi. Tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi xodimlari tomonidan 408 ta xonadon o‘rganilib, aniqlangan 26 nafar ishsiz fuqarolarning o‘zini o‘zi band qilish orqali bandligi ta’minlandi. Tuman tibbiyot birlashmasi xodimlari tomonidan 50 ga yaqin fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tadbir davomida tuman Xalq qabulxonasi tomonidan hududda yashovchi aholi bilan sayyor qabul o‘tkazildi.

Sayyor qabulda qatnashgan 19 nafar fuqarodan 24 ta masala yuzasidan murojaatlar qabul qilindi. 4 tasi joyida qanoatlantirildi. Qolgan 20 ta murojaat ijro uchun tegishli sohalarga yo‘naltirildi va tizimga kiritilib nazoratga olindi. Yoshlar ishlari agentligining tuman bo‘limi tomonidan besh tashabbus doirasida yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri