Poydevori mustahkam, buguni ibratli, kelajagi buyuk universitet
Muazzam Sharqning muhim va asosiy madaniy-maʼrifiy markazlaridan biri boʻlgan koʻhna Samarqand ming yillar davomida bashariyat tamadduni rivojiga ulkan hissa qoʻshgan zamindir.
Muazzam Sharqning muhim va asosiy madaniy-maʼrifiy markazlaridan biri boʻlgan koʻhna Samarqand ming yillar davomida bashariyat tamadduni rivojiga ulkan hissa qoʻshgan zamindir.
Samarqandda asrlar davomida shakllangan ilmiy, madaniy-maʼrifiy muhitdan yetishib chiqqan koʻplab allomalar, qomusiy olimlar Sharq va Gʻarb ilm-fani, madaniyati shakllanishi, rivojlanishi va taraqqiy etishiga oʻzlarining munosib hissasini qoʻshgan.
Mirzo Ulugʻbek hukmronligi yillarida Samarqandda ilm-fan, jumladan, keyingi asrlarda bashariyat taraqqiyotini butunlay oʻzgartirib yuborgan aniq fanlar yuksak darajada rivojlandi va ulkan ilmiy-madaniy meros yaratildi. Mana shu meros keyinchalik dunyo taraqqiyotida burilish boʻlgan ilmiy kashfiyotlarga asos boʻlgani, ilhom baxsh etgani ayni haqiqat.
Bu qutlugʻ zaminda asrlar davomida shakllanib kelgan madaniyat, ilmu maʼrifat, ustoz-shogirdlik anʼanalari bugun ham zamon talablari asosida davom etib, taraqqiy etib kelmoqda. Bu borada Samarqand davlat universiteti ilm-maʼrifatning davrlar osha rivojlanib kelishida yetakchi maʼrifat maskani, mustahkam koʻprik boʻlib kelmoqda.
Bu ilm dargohi oʻtgan asrda ham mamlakatimiz va butun Oʻrta Osiyoning eng nufuzli oliygohlaridan biri edi va ilmiy salohiyat jihatidan doimo oldingi qatorda turgan. Bu yillar davomida universitet professor-oʻqituvchilari tomonidan amalga oshirilgan tadqiqotlar, ilmiy yangilik va kashfiyotlar koʻlami nihoyatda ulkan. Aytish mumkinki, oʻzbek zamonaviy ilm-fani tadrijiga ulkan hissa qoʻshgan, ilm-fanimiz gʻildiragini tom maʼnoda yurgizib yuborgan koʻplab fundamental tadqiqotlar, yirik amaliy va nazariy ilmiy ishlar aynan mana shu dargohda, shu universitet olimlari tomonidan yaratildi va amaliyotga tatbiq etildi.
Soʻnggi yillarda universitet moddiy-texnik bazasida yangilanish va takomillashish jarayoni kechmoqda. Dunyoning nufuzli oliy oʻquv yurtlari bilan keng koʻlamli oʻzaro hamkorlik aloqalari oʻrnatilmoqda, universitetda har yili bir nechta yuqori darajadagi ilmiy konferensiyalar tashkil etilmoqda. Bu esa Samarqand davlat universiteti ilmiy salohiyatining yana-da yuksalishiga zamin boʻlyapti.
Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan rejalar asosida taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni birinchilardan boʻlib boshlab bergan oliy oʻquv yurtlaridan biri ham aynan Samarqand davlat universiteti sanaladi. Universitet rektori R.I.Xolmurodov va yirik ilmiy jamoa, professor-oʻqituvchilar tomonidan amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar natijasi esa koʻp kuttirmasligi ayon, xususan, soʻnggi yillarda universitet ilmiy salohiyati anchayin oshganligi soʻzimiz dalilidir.
Tarixan ham, bugun ham yurtimiz ilm-fanining oʻq tomiri boʻlgan Samarqand davlat universitetining joriy yilda 600-yillik yubileyi nishonlanadi. Universitet tarixi 1420-yilda tashkil etilgan Ulugʻbek madrasasi bilan bogʻlanmoqda va Samarqand davlat universiteti Ulugʻbek madrasasining vorisi sifatida eʼtirof etilmoqda. Aytish mumkinki, bu orqali nazardan chetda qolgan yoki qoldirilgan tarixiy haqiqatlar tiklanmoqda.
Bugun dunyo hamjamiyati ongida universitetlar Yevropada paydo boʻlgan degan aslida toʻliq asoslanmagan bir streotip shakllangan. Vaholanki, bugungi zamonaviy universitetlarning ilk prototipi musulmon Sharqida vujudga kelganligini tarixiy manbalar isbotlaydi, yevropaliklar nusxa koʻchirishganini esa Gʻarb olimlari ham eʼtirof etishadi. Aslida bu unchalik ham muhim emas. Masalaning mohiyati shundaki, bugungi universitetlarimizdagi zamonaviy oʻqitish tizimi tamal toshlari bundan olti asr muqaddam tashkil etilgan Ulugʻbek madrasasida qoʻyilgan edi. Xususan, Ulugʻbek madrasasiga ham tolibi ilmlar imtihon asosida qabul qilingan, ular moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlangan, yashash joy bilan ham taʼminlangan. Bularning barchasi bugungi zamonaviy imtihon, stipendiya va yotoqxona bilan taʼminlash tizimining ilk asoslari edi, deb aytishimiz mumkin.
Oʻtgan asrning 20 yillarida tashkil etilgan deb qarab kelingan Samarqand davlat universiteti mohiyatan oʻshanda yangidan tashkil etilmagan, balki yangicha nomlangan, bir shakldan boshqa shaklga oʻtgan Ulugʻbek madrasasi edi. Oʻsha davrdagi “yangi” pedakademiyada ilk oʻqituvchilarning aksariyati Ulugʻbek madrasasi mudarrislari boʻlganligi maʼlum.
Fikrimiz soʻnggida aytmoqchimizki, Samarqand davlat universitetining Ulugʻbek madrasasi vorisi sifatida eʼtirof etilishi va universitet tashkil etilganligining 600-yilligi nishonlanishi bir tomondan tarixiy haqiqatni tiklab, oʻz ildizlarimizni yana-da chuqurroq anglashimizga asos boʻlsa, ikkinchi tomondan, oʻzbek ilm-fani tarixan dunyo tamadduni oldida naqadar ulkan va muhim missiyani amalga oshirganligini yana bir bor namoyon etadi.
A.Pardayev,
SamDU Filologiya fakulteti dekani