Porloq kelajakni yorituvchi chiroq
Kitobingizni o‘qidim
Yaqinda taniqli huquqshunos, boy tajribaga ega yurist, prokuratura, sud va Adliya vazirligi faxriysi Ermuhammad Shermatov qalamiga mansub “O‘tmishdan kelgan adolatli nidolar” nomli kitob chop etildi. Ushbu yangi asar O‘zbekiston adliya organlarining o‘tmishi, kechasi va buguniga bag‘ishlangani bois nafaqat soha vakillari, balki keng kitobxonlar ommasida katta qiziqish uyg‘otishi, shubhasiz.
Sababi, unda bir asrdan ortiq davr qamrab olingan bo‘lib, adliya vazirligining shakllanish va rivojlanish bosqichlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar, qolaversa, o‘zbek davlatchiligi va o‘zbek xalqi tarixidagi eng murakkab voqea-hodisalar bilan uyg‘unlikda ochib berilgan. Bu muallifning eng katta yutug‘i bo‘lgan, desak, mubolag‘a emas.
Aytish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining tarixi 1924 yilga borib taqaladi. Aniqrog‘i, 1924 yil 26 noyabrda Inqilobiy qo‘mitaning qarori bilan Turkiston avtonom respublikasi Adliya xalq komissarligi negizida O‘zbekiston Respublikasi Adliya xalq komissarligi tashkil etiladi. Uning asosiy vazifalaridan biri O‘zbekiston tarkibiga kirgan avvalgi Buxoro amirligi, Xorazm va Qo‘qon xonligi davlatlarining hududida adliya idoralarining faoliyatini tartibga solish va muvofiqlashtirishdan iborat edi.
Biroq muallif o‘z tadqiqotlarini Adliya xalq komissarligi tashkil etilgan 1917 yildan boshlagan. Adliya tizimining tarixini sudlar, ichki ishlar idoralari, prokuratura va boshqa tashkilotlar rivojlanishi bilan uzviy bog‘liq holda ochib berishga harakat qilgan. Bu bejiz emas, albatta. Chunki ular turli tarixiy davrlarda har xil vakolatlarga ega bo‘lsada, yagona maqsad – shaxsni, jamiyatni va davlatni himoya qilish yo‘lida faoliyat yuritgan. Davlatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlariga bo‘linish tamoyili ularning o‘zaro samarali hamkorligini ta’minlab, jumladan, Adliya vazirligining adliya tizimining asosiy bo‘g‘ini sifatidagi vazifa va vakolatlari aniq belgilab berdiki, bu umum rivojlanishda ayni muddao bo‘ldi.
Davlat ijroiya hokimiyati organlari tizimida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining alohida o‘rni bor. U mamlakatning otaxon va eng tajribali tuzilmalaridan biri sifatida o‘zining 100 yillik tarixi davomida murakkab, shu bilan birga, tahlikali voqealarga boy yo‘lni bosib o‘tdi. Muallif haqli ravishda e’tirof etganidek, XX asrning eng fojiali voqealari ayni shu davrga to‘g‘ri kelgani ayni haqiqat.
Shu ma’noda, adliya organlari haqida hikoya qiluvchi bu asar vazirlik tarixi bilan chegaralanib qolmasdan, balki davlat boshqaruvi tizimidagi o‘zgarishlar, ayni paytda, milliy davlatchilikning dolzarb muammolari bilan tanishish imkonini beradi. Nega desangiz, adliya organlari faoliyatining muayyan davri rasmiy, tarixiy va adabiy manbalarga asoslangan holda, aniq fakt va dalillar bilan ochib berilgan. Bu esa uning o‘qishliligini oshirgan.
Ta’kidlash kerakki, Adliya vazirligi azaldan har qanday davlatchilikning forposti bo‘lib kelgan. Davlat qurilishi doimiy jarayon bo‘lib, jamiyatdagi o‘zgarishlar bilan shartlanadi. Muayyan ijtimoiy institutning ahamiyati esa ijtimoiy munosabatlarda ko‘zga tashlanadi. Ya’ni davlat organlari maqsad va vazifalari ijrosida ijtimoiy-siyosiy institutlar roli g‘oyatda katta bo‘ladi. Shu o‘rinda mantiqiy savol tug‘iladi: bugungi kunda O‘zbekiston adliya organlari qanday bo‘lishi kerak? Ular ko‘pyillik vazifalarini saqlab qola oladimi, bevosita qonun ijodkorligi bilan bog‘liq bo‘lgan funksiyalarinichi, to‘laqonli bajara oladimi? Davlat apparati mexanizmlari tubdan isloh qilinayotgan hozirgi sharoitda bu savollarga javob topish oson emas.
“O‘tmishdan kelgan adolatli nidolar” kitobida XX-XXI asr boshlariga oid noyob arxiv materiallari, hujjatli, adabiy va boshqa yangi manbalar jamlangani uning ilmiy ahamiyatini oshirgan. Muallif Turkiston adliya xalq komissarlari hamda O‘zbekiston adliya vazirlarining taqdirini o‘rganish maqsadida turli davlat arxivlarida ishlaganida, o‘zbek yuristlari mavzusi uning diqqat-e’tiborini tortib, natijada 1917 yildan 2022 yilgacha shu tizimda xizmat qilgan rahbar xodimlar haqidagi qimmatli ma’lumotlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan. Pirovardida ilk bor yaxlit kitob holida keng jamoatchilikka taqdim qildi.
Kitob ikki bobdan iborat bo‘lib, birinchisida vazirlik hayoti bilan bog‘liq eng muhim voqealar, vazirlar faoliyati atroflicha yoritilgan. Ikkinchisida esa o‘tgan asrning fojiali voqealari qalamga olingan. Millat oydinlarining milliy davlatchilikni tuzish, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lidagi mardonavor ishlari mahorat bilan ochib berilgan. Vazirlikning eng asosiy vazifasi yagona davlat huquqiy siyosatini yuritish va norma ijodkorligi faoliyatini muvofiqlashtirish ekanligi ilmiy asoslangan.
E’tiborlisi, kitob vazirlik hamda uning tizimidagi idoralar rahbarlarining hayotnomalari bo‘lib qolmagan. Chigal taqdirlar, ibratli voqealar, qimmatli ma’lumotlar kitob mazmun-mundarijasini yanada boyitgan. Aytaylik, xalq komissari Shermat Ermatov haqida so‘z ketganda, o‘tgan asrning 20-30 yillarida amalga oshirilgan siyosiy kampaniyalar haqida to‘xtalib, shunday deyiladi: “...O‘sha yillardagi jiddiy siyosiy voqealardan biri alifboning o‘zgartirilishi bilan bog‘liq holda kechdi. Ma’lumki, tilimizda arab alifbosi milodiy 750-800 yillardan boshlab foydalanib kelingan. Ulug‘ allomalar, shoirlar, tarixchilar – buyuk ajdodlarimiz asarlarini shu alifboda yaratganlar. Xalqimizning boy merosi, milliy boyligi, madaniyati ushbu alifbo bilan uzviy bog‘liq holda rivojlangan. 1921-1922 yillarda o‘zbek tilining arab yozuviga asoslangan alifbosi isloh qilinadi. 1929 yilga kelib esa ana shu alifbodan voz kechilib, lotin alifbosiga o‘tildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, xalqimizni tarixidan, merosidan uzib qo‘yish, savodsizlikni yuzaga keltirish edi. Imloning lotinlashtirilishi, keyinchalik kirill alifbosiga o‘tilishi kommunistlarning shu maqsadiga xizmat qildi”.
Yoki bo‘lmasa, Xadicha Sulaymonova haqida hikoya qilinganida tariximizning murakkab davrida “xalq dushmani” bo‘lganlikda ayblanib otilgan, suyaklari Sibir konlarida chiritilgan vatandoshlarimizning oqlanishidagi buyuk xizmatlari o‘zgacha hayajon bilan qalamga olingan. Bularning bari o‘quvchilarning adliya xodimlariga bo‘lgan hurmatini oshirishga xizmat qiladi.
Nashr boy illyustrativ materiallar bilan bezatilgan bo‘lib, keng kitobxonlar ommasi – adliya tizimi mutaxassislari, sudlar, prokurorlar, huquqshunos olimlar, aspirant va abituriyentlar, huquqshunoslik fakulteti talabalari, qolaversa, yaqin o‘tmishimizga befarq bo‘lmagan barcha yurtdoshlarimizni qiziqtira oladi. Eng muhimi, sohaga kirib kelayotgan yoshlar uchun hayotiy yo‘llanma, qo‘llanma vazifasini o‘taydi. Negaki, unda adliya tizimida mehnat qilgan fidoyi rahbarlar bosib o‘tgan yo‘lini ko‘rish, kuzatish mumkin. Shuningdek, XX asrda sodir bo‘lgan fojiali voqealar, adolatsizliklar, turli darajadagi davlat va jamoat arboblarining qatag‘on etilishi, ularning pok nomlarini oqlash, reabilitatsiya jarayonlari ham qamrab olingan.
Nazarimda, “O‘tmishdan kelgan adolatli nidolar” kitobidan ko‘zlangan maqsad ham adliya tizimining rivoji o‘zbek xalqi va davlatimiz tarixi bilan qanday chambarchas bog‘liqligini ko‘rsatishdan iborat bo‘lgan. Quvonarlisi, muallif buning uddasidan chiqa olgan. Bunda taniqli olimlar, tarixchi va huquqshunoslar, ayniqsa, o‘zbek huquqshunoslari bir qancha avlodining ustozi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, yuridik fanlar doktori, professor Halimboy Boboyevning ilmiy maslahatlari qo‘l kelgani, shubhasiz.
Binobarin, tarix – bu o‘tmishdan porloq kelajak sari yonib turgan chiroqdir. Shu ma’noda, adliya idoralari, jumladan, Adliya vazirligining yorqin kelajagini, rivojlanish istiqbollarini tom ma’noda ko‘rish uchun, albatta, ushbu kitobni diqqat bilan o‘qib chiqish kerak.
Muallifga, shuningdek, ushbu kitobning materiallarini to‘plash va nashr etishda ishtirok etgan barchaga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Anvar HAMROEV,
yuridik fanlar doktori, professor.