Polvonlarimiz Navoiyda bellashadi
Yurtimizda yangi sport mavsumi ham boshlab yuborildi.
Yurtimizda yangi sport mavsumi ham boshlab yuborildi. Oʻzbekiston kurash federatsiyasi esa birinchilar qatorida mamlakat chempionatini oʻtkazishga qaror qildi.
Oʻzbekiston jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan tasdiqlangan yillik taqvimga muvofiq joriy yilning 23-25 yanvar kunlari Navoiy shahridagi NKMK sport majmuasida kurash boʻyicha Oʻzbekiston chempionati boʻlib oʻtadi.
Jami 15ta vazn toifasida tashkil etiladigan bellashuvlarda respublikamizning barcha hududlaridan 800 nafarga yaqin polvon ishtirok etishi kutilmoqda. Oʻzbekiston chempionatida erkaklar yettita, ayollar esa sakkizta vaznda gʻoliblik uchun gilamga tushadi.
Mamlakat terma jamoalariga nomzodlar saralanadigan ushbu musobaqada yurtimizning barcha taniqli polvonlari, chunonchi oʻtgan yili Indoneziyada oʻtkazilgan XVIII yozgi Osiyo oʻyinlari gʻolib va sovrindorlari ham toʻliq tarkibda ishtirok etishi kutilmoqda.