Poliklinikaning yangi binosi ishga tushdi
Guliston shahridagi "Do‘stlik", "Sohil", Buyuk yurt" mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida istiqomat qilayotgan 14500 nafar aholiga xizmat ko‘rsatuvchi "Do‘stlik" oilaviy poliklinikasi investitsiya dasturi doirasida yangidan qurildi.
Qurilish va jihozlash ishlariga 2 milliard 800 million so‘m pul mablag‘i yo‘naltirilib, qurilish ishlarini Guliston shahridagi "Sayxun savdo qurilish" mas’uliyati cheklangan jamiyat quruvchilari amalga oshirdi.
[gallery-20276]
–Yangi poliklinika binosi Tibbiyot xodimlari kuni arafasida mazkur poliklinikada ishlayotgan shifokorlar, tibbiy brigada a’zolari va shu bilan birga ushbu hududda istiqomat qilayotgan aholi vakillari uchun bayram tuhfasi bo‘ldi,–deydi shahar tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Murod Ko‘paysinov.—Poliklinikaning eski binosi 1947 yilda qurilgan bo‘lib, nafaqat tibbiyot xodimlari, aholi vakillari uchun turli noqulayliklarni keltirib chiqarayotgan edi. Ayniqsa, qishda. Mana bugun, davlatimiz rahbarining sog‘liqni saqlash sohasiga bo‘lgan e’tibori tufayli zamonaviy, shinam tibbiyot muassasaga ega bo‘ldik.
Muassasaning ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda Sirdaryo viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev , sektorlar rahbarlari, sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari va aholi vakillari ishtirok etdi. Ular yangi tibbiyot muassasasi, unda aholi vakillarining kelib- ketishi, tibbiy xizmat turlaridan foydalanish uchun yaratilgan imkoniyatlar, tibbiyot xodimlarning ishlashi uchun qulay sharoitlar bilan yaqindan tanishib, soha xodimlariga o‘z tavsiya va maslahatlarini berishdi.
–Oldingi binomizda ishlash, aholiga namunali tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun zarur sharoitlar, tibbiy jihoz, tibbiy apparatlar yo‘q edi,–deydi poliklinika mudiri Noroy Do‘stmurodova.–Yangi muassasada umumiy amaliyot shifokori va umumiy amaliyot hamshirasi uchun alohida xona, fizioterapiya, laboratoriya, UZI, EKG, stomatologiya, ginekologiya xonalari tashkil etilib, ular zarur tibbiy apparat, jihoz, kompyuter jamlanmalari bilan ta’minlandi. Bu esa aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini yanada yaqinlashtirishda, tibbiy xizmat sifatini oshirishda katta yordam beradi.
Eng muhimi, aholi vakillari uchun laboratoriya xizmatlari, UZI, EKG tekshiruvlari Guliston shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada emas, shu yerning o‘zida yo‘lga qo‘yiladi. Bundan aholi juda ham mamnun.
–Ko‘pdan zamonaviy poliklinika xizmatini orzu qilardik. Bugun niyatimizga yetdik. Bu yerdagi shart-sharoitlarni aytmaysizmi, shahardagi eng yaxshi tibbiyot muassasasidan sira qolishmaydi. Tibbiyot xodimlarga kelsak, ular xushmuomala, o‘z kasblarining bilimdoni. Aholining sog‘lig‘i yo‘lida astoydil harakat qiladi,–deydi Sayfiddin bobo Soliyev.
G‘ulom Primov, Shahriyor Ortiqboyev(surat),
O‘zA muxbirlari