Pokiston va Afg‘oniston muzokarani tikladi
“Associated Press” agentligi ikki pokistonlik rasmiyga tayanib xabar berishicha, Xitoy vositachiligida Pokiston va Afg‘oniston harbiy harakatni to‘xtatish bo‘yicha muzokarani qayta boshlagan. Ba’zi manbalarga ko‘ra, ikki mamlakat vakillari uchrashuvi Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur muxtor mintaqasi ma’muriy markazi hisoblangan Urumchi shahrida bo‘lib o‘tmoqda.
Nashr ta’kidlashicha, XXR rasmiylari mazkur ma’lumotga hali izoh bermagan. Pokiston Tashqi ishlar vazirligi ham xabarni na tasdiqlagan, na inkor etgan.
Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi harbiy harakat musulmonlarning muqaddas Ramazon bayrami munosabati bilan vaqtincha to‘xtatilgan, mart oyi oxirida davom ettirilgan. Islomobod va Kobul o‘rtasidagi avvalgi muzokara Istanbulda o‘tkazilgan, lekin muvaffaqiyatsiz tugagan.
S.Rahimov, O‘zA