Pista ko‘chatlari yetishtirish bo‘yicha ilg‘or usullar (+Video)
Pistaning vatani Markaziy Osiyo hisoblanadi. O‘zbekistonda tabiiy holatda deyarli barcha tog‘ tizmalarida uchraydi. Pista daraxtlari juda sekin o‘sadi, ammo 400-800 yil umr ko‘radi, 1000 yoshgacha meva beradi. Mevasi nafaqat ichki, balki jaxon bozorida ham yuqori baholanadi.
Poytaxtimizda tashkil etilgan xalqaro seminarda pista ko‘chatlari yetishtirish va konteynerli ko‘chatxonalarni qurish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalar muhokama qilindi.
Ikki kunlik seminarda O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi Munira Hasanovaning "In vitro" usulida pista ko‘chatlari yetishtirish texnologiyasi” hamda Suppro Co., Ltd. instituti direktori Yun Teg Sunning “Pista ko‘chatlari yetishtirish texnologiyasi” mavzusidagi ma’ruzalari tinglandi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda serdaromad soha deb qaralayotgan yong‘oq, bodom, pista kabi o‘simliklarni yetishtirib, meva olishni ko‘paytirish masalasiga jiddiy e’tibor qaratila boshlandi. Lalmi yerlardan samarali foydalanishni rag‘batlantirish, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh bo‘lgan yong‘oq, pista kabi mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish hisobiga zamonaviy plantatsiyalarni barpo qilish hamda sohaga intensiv texnologiyalarni keng joriy etish borasidagi vazifalar shular jumlasidan.
Xandon pista ko‘chatini parvarishlash dehqondan e’tibor va tajriba talab qiladigan mashaqqatli vazifa bo‘lsa-da, ehtiyoj yuqoriligi bois, “Saroyqo‘rg‘on olmosi”, “Sharq yulduzi”, “Olmos” kabi o‘ttizdan ortiq serhosil navi yaratilgan. Shuningdek, mutaxassislar pista ko‘chatlari yetishtirish, hosildorlik salmog‘ini oshirish harakatida.
Xandon pistaning o‘sishiga agrotexnik tadbirlarning ta’sirchanligi yuqori bo‘ladi. Tuproqdagi meliorativ holat o‘simliklar o‘sishi uchun qulay bo‘lsa, oziqlanish me’yorlari va tartibi yaxshilanadi. Muloqot davomida bu borada zaruriy tavsiyalar berib o‘tildi.
Seminarning ikkinchi kuni Piskent tuman ko‘chatxonasida amaliy uchrashuvlar o‘tkazildi. Tadbirda “Konteynerli pista ko‘chatxonasini qurish va uni ekspluatatsiya qilish” mavzusidagi tajribalar taqdim etildi. Ishtirokchilar o‘rtasida tajriba almashish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/G-KbtqgpWDE?si=tX7ZGSNEw8QXKpuu" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA