Pillachilikda yangi ish uslubi joriy etilmoqda
Joriy yil 3 mayda “Pilla yetishtirish va ipakchilik sohasida bozor mexanizmlarini joriy qilishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjat asosida respublikamiz bo‘ylab barcha viloyatlarda ishlarni yangicha yo‘lga qo‘yish, bunda xotin-qizlar bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Jumladan, Toshkent viloyatida bu boradagi ishlarning borishi va oldinda turgan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Zulayho Mahkamova hamda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ishtirok etib, yig‘ilishda pillachilikda Vetnam tajribasini ommalashtirish borasida fikr almashdi.

Xususan, Vetnam tajribasiga ijodiy yondashib, yangicha ish tashkil qilish, ya’ni “Markazlashgan pillaxona” uslubini joriy etish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi. Jumladan, Piskent, Bo‘ka, Chinoz tumanlarida ishlar boshlab yuborilgani qayd etildi. Bunda bir paytning o‘zida 400 qutigacha pilla boqsa bo‘ladigan markazlashgan pillaxonalar O‘zbekistonda ilk bor tashkil etilmoqda.

Qayd etilganidek, joriy yilning mart oyida viloyat hokimining o‘rinbosarlari Botir Alimbekov, Zuhra Mirg‘oziyeva boshchiligidagi delegatsiya Vetnamda bo‘lib, pilla yetishtirish bo‘yicha tajribani o‘rganib qaytgan edi.

Pillachilik serdaromad soha hisoblanadi. Markazlashgan pillaxonalarning tashkil qilinishi yiliga besh martagacha ipak qurti boqish imkoniyatini beradi va tegishli hududlarning iqtisodiy salohiyatiga sezilarli ulush qo‘shadi. Ayni paytda bu xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida ham ijobiy samara berishi kutilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, bugun viloyatda 31 ming 746 quti pilla tarqatilgan va sohada qariyb 90 ming nafar aholi, asosan xotin-qizlar mehnat qilmoqda.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA