Pillachilik va ipakchilik istiqbollari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 31 iyuldagi “Pillachilik tarmog‘ida chuqur qayta ishlashni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori pillachilik sohasining ravnaqiga, tarmoq korxonalari eksport va investitsiya muhitini yanada yaxshilashga keng imkoniyat ochib berdi.
Qaror va ijro
“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda barqaror pillachilikni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi ham ushbu qarorning amaldagi ijrosidir.
Poytaxtimizda ushbu loyiha doirasida o‘tkazilgan xalqaro ipakchilik investitsion forumida sohadagi o‘zgarishlar, yangiliklar va xalqaro aloqalar xususida so‘z yuritildi.
Mahalliy va xorijlik mas’ullar, olimlar va mutaxassislar ishtirokida o‘tkazilgan forumda O‘zbekiston Respublikasi Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi – “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi boshqaruvi raisi Bahrom Sharipov, FAO Bosh direktori o‘rinbosari hamda Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Vladimir Raxmanin, Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sherzod Asadov va boshqalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar pilla xomashyosi yetishtirish hajmini oshirish, uni qayta ishlash hisobiga eksportbop ipak mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish va hududlardagi aholi, ayniqsa, ayollar bandligini ta’minlashga keng imkoniyatlar yaratilishini ta’kidladi.
Yurtimiz pillachilik va ipakchilik sohasi jadal rivojlanmoqda. Keyingi to‘rt yilda davlat rahbarining sohani rivojlantirish bo‘yicha 10 dan ortiq farmon va qarorlari qabul qilindi. Ayniqsa, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasining tashkil etilishi sohada ishlarni tizimli amalga oshirishga puxta zamin yaratdi. Natijada joriy yilda pilla yetishtirish hajmi 2017 yilga nisbatan 180 foizga oshirildi. Bu esa tizimdagi korxonalarning yil davomida to‘liq quvvat bilan ishlashga imkon berayotir.
“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi boshqaruvi raisi Bahrom Sharipovning ma’lum qilishicha, tizimda 761 ming nafar ishchi-xodim mehnat qiladi. Ulardan 24 ming 440 nafari doimiy va 736 ming 567 nafari mavsumiy ishchilardir.
– bugungi kunda uyushma tizimida 11 ta ipak qurti urug‘i, 62 ta klaster usulida pilla yetishtirish va qayta ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda, – dedi B.Sharipov. – Shuningdek, chuqur qayta ishlash bo‘yicha oxirgi ikki yilda qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Hozirda 10 ta ipak mato, gilam va tayyor mahsulotlar, 3 ta ipak va jun aralashmalaridan qo‘lda gilam to‘quvchi yirik korxonalar hamda 1 ta ipak qurti g‘umbagidan oqsil ishlab chiqaruvchi korxona ishga tushirilgan. O‘zbekipaksanoat” uyushmasi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hamkorligida “O‘zbekistonda barqaror pillachilikni qo‘llab-quvvatlash” loyihasining amaliyotga tatbiq etilishi soha ravnaqida muhim ahamiyat kasb etadi.
Qayd etilganidek, «O‘zbekistonda barqaror pillachilikni qo‘llab-quvvatlash» loyihasidan ko‘zlangan maqsad ipakchilik sanoatini rivojlantirishda ipak mahsulotlarini loyihalash, marketingdagi jarayon, asosiy to‘siqlarni aniqlash va ularni bartaraf etish masalalariga qaratilgan.
– Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ipakchilik sanoatida innovatsiyalarni joriy etish va zamonaviy tendensiyalarni an’anaviy xususiyatlar bilan uyg‘unlashtirgan holda, boy merosni qayta tiklab, jahon podiumlarida talab katta bo‘lgan yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlaydi. Investitsion forum pillachilik sohasiga mahalliy va xorijiy kapital quyilmalar oqimini rag‘batlantirish, ichki va tashqi bozorlarda O‘zbekiston ipak mahsulotlarining ijobiy qiyofasini shakllantirish va targ‘ib qilish uchun yaxshi maydon bo‘lib xizmat qiladi, – dedi forumda onlayn ishtirok etgan FAO Bosh direktori o‘rinbosari hamda Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Vladimir Raxmanin.
Shuningdek, forumda o‘zbek ipak mahsulotlarining istiqbollari va sohaning barqaror rivojlanish strategiyalari, mahsulotlarni xalqaro standartlar asosida ishlab chiqarish hamda ipak va to‘qimachilik sanoatining yangi trendlari yuzasidan ham fikr-mulohazalar bildirildi.
Forumning ikkinchi kunida seminar-treninglar va “Fashion and Silk” o‘zbek ipak matolaridan tayyorlangan liboslar namoyishi ham bo‘lib o‘tadi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA