Pillachilik rivojida yangi bosqich
QISHLOQ XOʻJALIGI. Xalqimiz pillachilik bilan azaldan shugʻullanib keladi. Bugun ham yurtimizda ipak qurti boqish hadisini puxta oʻzlashtirgan oilalar koʻp. Ular oddiy sharoitda ham har quti ipak qurtidan 65 kilogramdan oshirib sifatli hosil yetishtiradi.
Xalqimiz pillachilik bilan azaldan shugʻullanib keladi. Bugun ham yurtimizda ipak qurti boqish hadisini puxta oʻzlashtirgan oilalar koʻp. Ular oddiy sharoitda ham har quti ipak qurtidan 65 kilogramdan oshirib sifatli hosil yetishtiradi.
Aytish kerakki, uzoq yillar mobaynida pillakorlar ipak qurtini qancha mashaqqat evaziga boqib keldi. Garchi jonivorlar parvarishi qiska muddat davom etsa-da, ipak qurti olgan oilaning katta-kichik barchasibir oy shu tashvish bilan ovora edi. Oilaviy zvenoning toʻrt-besh nafar aʼzosi sokin sahardan tunning allamahaligacha tutzordan barg kesib keltirish, bargni novdasidan ajratish va qurtxonaga solib, yayratish bilan band boʻlardi. Jonivorlar kattargan sari oziqa – bargga talab ortar, baʼzida zvenolar barg topish ilinjida har tomonga chopardilar. Toʻrtinchi-beshinchi yoshdan keyin barg topish tashvishidan tashqari, pilla oʻrashi uchun qir-adirga chiqib mingbosh, shuvoq, yovvoyi supurgi kabi dastabop oʻsimliklar izlardi. Keyingi yillarda sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida pillakorlar mehnati har tomonlama yengillashayapti.
Prezidentimizning 2017-yil 29-martdagi “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 2018-yil 4-dekabrdagi “Respublika pillachilik tarmogʻini yanada rivojlantirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi va "Pillachilik tarmogʻini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlaridan soʻng tarmoqda tub burilish yuz berdi.
Chunonchi, ipak qurti urugʻini tayyorlash boʻyicha ham keng koʻlamliislohotlar amalga oshirilmoqda. Chunki uzoq yillar davomida ipak qurti urugʻchiligi tarmogʻining rivojlanishini orqaga tortayotgan ogʻriqli muammolar toʻplanib qolgan edi. Ixtisoslashtirilgan mahalliy ipak qurti ishlab chiqaruvchi korxonalar texnologiyalari ham jismonan, ham maʼnan eskirgani, ular tomonidan tayyorlanayotgan ipak qurti urugʻi bir necha oʻn yildan buyon bir avlodga tegishli ekani, naslli duragay navlar yaratish borasida izlanishlar olib borilmagani sifatga ham,hosildorlika ham salbiy taʼsir koʻrsatgan. Shu sababli “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi xitoylik hamkorlar bilan Surxondaryo viloyatida “HUASHEN SILKWORM PRO” qoʻshma korxonasi tashkil qildi. Aytish kerakki, korxonada 70 nafar doimiy, 370 nafar mavsumiy ishchi boʻlgan. Tajribali mutaxassis Akmal Abdullayev boshliq ishchi-xizmatchilar saʼyi-harakati bilan ipak qurti boqish mavsumi arafasida voha pillakorlariga 11 ming quti sifatli urugʻ tayyorlab berildi. Shuning hisobidan viloyat pillachilik idoralari boshqa viloyatlardagi urugʻ zavodlaridan ipak qurti urugʻini keltirish tashvishidan qutuldi va viloyat mahalliy byudjetining 500 ming AQSH dollariga teng miqdordagi mablagʻi tejaldi. Yaqin kelajakda bu yerda 100 ming qutidan koʻproq ipak qurti urugʻi tayyorlash va uni sotish evaziga mahalliy byudjetga qoʻshimcha daromad kiritiladi. Bundan tashqari, Samarqand viloyatida “Samarqand-Tenju”, Qashqadaryo viloyatida “Shahrisabz-Shandon Silk vorm pro”, Navoiy viloyatida “Navoiy Guangtong Silkworm”, Namangan viloyatida “Sof ipak invest” qoʻshma korxonalari tashkil etilmoqda. Bu qoʻshma korxonalarda Xitoyda tayyorlangan ipak qurti urugʻidan sifati past boʻlmagan urugʻ yetishtiriladi. Joriy yildan boshlab mamlakatimizga import qilinayotgan ipak qurti urugʻi miqdori 30 foizga kamaytirilishiga erishiladi.
Yaqin kelajakda xorijiy investitsiya ishtirokida yirik ipak qurti urugʻi yetishtiruvchi yana bir nechta qoʻshma korxona tashkil etish hamda ipak qurti urugʻining yangi va zotli navlari yaratilishiga erishish uchun izlanishlar olib borilmoqda. 2021 yildan boshlab yurtimizdagi barcha pillakorlar sifatli va zotdor ipak qurti urugʻi bilan toʻliq taʼminlanib, ortiqchasi qoʻshni davlatlarga eksport qilinadi.
Yuqorida qayd etganimizdek, bu yildan eʼtiboran tarmoqda mehnat qilayotgan oilalar tut plantatsiyalaridan barg oʻrish, keltirish, eng muhimi, barg izlash tashvishidan ozod boʻlishdi. Sababi, Vazirlar Mahkamasining “2017 -2021 yillarda pillachilik tarmogʻini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi mutaxassislari tomonidan yurtimizdagibarcha yakka oʻsadigan tut daraxtlari va tutzorlar toʻliq xatlovdan oʻtkazildi. Aniqlanishicha, yakka tut daraxtlari soni 43,9 million tupni, tutzorlar maydoni 43,4 ming gektarni tashkil etadi. Shunga qaramay, 2017 yil kuzi va 2018 yil bahorida mamlakatimiz hududlari kesimida jami 30 million tup tut koʻchati ekildi. Eng asosiysi, Xitoydan mamlakatimiz iqlimiga mos 13,3 million tup serhosil tut nihollari keltirilib, intensiv usulda yangi tutzorlar barpo qilindi. Barcha viloyatlarda tut urugʻi va tut koʻchati yetishtirish uchun jami 600 gektar sugʻoriladigan yer ajratilib, tutchilik xoʻjaliklari tashkil etildi. Kelajakda tut nihollarining importiga chek qoʻyiladi.
Sohadagi oʻzgarishlardan yana biri, pillachilik zvenolari endiavvalgiday ipak qurtini xonadonida toʻliq bir oy parvarishlamaydi. Chunki, mamlakatimiz boʻyicha 220 ta innovatsion qurtxonalar barpo qilindi. Bu pillaxonalarning har birida bir yoshdan uch yoshgacha 250 quti va toʻrt-besh yoshlardagi 30-40 quti ipak qurti parvarishlanadi. Har bir innovatsion pillaxonada 10 kishi doimiy, 60 nafargacha mavsumiy ishchimehnat qiladi.
Yangi barpo etilgan innovatsion pillaxonalarda ipak qurti boqilishi bilan birga, ish klaster asosida tashkil etilib, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik rivojlantirilmoqda va tutzorlar orasida qishloq xoʻjalik ekinlari yetishtirish ham yoʻlga qoʻyilgan. Bu mavsumda ipak qurti oziqasi – barg taʼminotida uzilishlar boʻlmaydi, degani. Sababi, innovatson pillaxonada qurtga barg yulma holda berilishi tufayli oziqa sarfi anchagina qisqaradi. Bundan tashqari, tutzorlardagi tez yetiluvchi tutlar bargini oʻrma usulda har oy oʻrib olish mumkin.
Sohadagi islohotlar tufayli pillakorlar ipak qurti pilla oʻrash davrida turli dastabop oʻsimliklar izlab ovora boʻlmaydi. Masalan, Surxondaryo viloyatidagi qurtxonalarda sunʼiy dastalardan keng foydalaniladi. Bu sunʼiy dastalar Termiz shahridagi “Inter Silk Pro” qoʻshma korxonasiga qarashli “Surxon ipagi” korxonasida yetarlicha tayyorlanayapti. Sunʼiy dastalarni qoʻllash hisobiga xalqaro mezonlargamos “kumush tola” yetishtiriladi. Pillaning sifatli ekaniuni yetishtiruvchilar manfaatdorligi oshishiga xizmat qiladi. Sifatli pilla tayyorlashga xizmat qiladigan sunʼiy dastalarning afzalligi shundaki, ulardan bir necha mavsum foydalanish mumkin.
Davlat tomonidan soha rivojiga qaratilayotgan eʼtibor tufayli pillakorlarning azaliy orzusi ushalmoqda. Ipakchilik tarmogʻi mutaxassislari faqat pilla xomashyosi yetishtirishni tashkil etish bilan cheklanmay, xomashyoni qayta ishlash, koʻproq daromad olish yoʻlida izlanishlar olib bormoqda. Bugungi kunda “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi 32 ta pillani qayta ishlash korxonasidamodernizatsiya doirasida yangi liniyalar oʻrnatilayotir. Toʻliq texnologik zanjirga asoslangan pillani qayta ishlash, ipak qurti oziqa bazasini mustahkamlash, sifatli pilla yetishtirish, tayyor mato ishlab chiqarish va rang berish maqsadida 11 ta, xususan, “Andijon viloyatida “Andijan Silk Co” MCHJ qoʻshma korxonasi, Jizzax viloyatida Buyuk Britaniya bilan hamkorlikda “Silk Expert Processing” qoʻshma korxonasi, “Zomin Asl Ipak Tolasi” MCHJ, Samarqand viloyatida Buyuk Britaniya bilan hamkorlikda“Pure Diamond Silk”, Samarqand shahrida “SAM GLOBAL SILK” MCHJ, Sirdaryo viloyatida “Agro Global” MCHJ, Xorazm viloyatida “Khiva Silk Fabric” MCHJ, Qoraqalpogʻiston Respublikasida “Boʻston Silk” MCHJ hamda Toshkent shahrida tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi, shuningdek, Buxoro viloyatida ipak matosini boʻyash boʻyicha yangi investitsiya loyihalari amalga oshirilayapti. Termiz shahridagi “Surxon ipagi” MCHJda oʻtgan yili texnik-texnologik modernizatsiya qilish ishlari bajarildi. Xitoydan pillani qayta ishlash, ipak yigirish, ipak momigʻi ishlab chiqarish uchun zamonaviy uskuna va texnologiyalar keltirib oʻrnatildi.
Bundan tashqari, “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi mutaxassislari saʼyi-harakati bilan tut bargidan choy va parfyumeriya vositalari, ipak qurti gʻumbagidan yogʻ ishlab chiqarish, shuningdek, turizm, kasanachilik va milliy hunarmandchilikni rivojlantirishga oid 5 ta yangi loyiha ustida amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanida tut bargidan choy ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi.
Uyushma tashkil etilguniga qadar tizimdagi pillani qayta ishlash korxonalarini xomashyo bilan taʼminlash darajasi 17 foiz boʻlgan boʻlsa, 2018 yil boshida bu koʻrsatkich 54 foizga yetdi. 2017 yilgacha pillachilik korxonalari tomonidan faqat bir turdagi mahsulot- xom ipak ishlab chiqarilgan boʻlsa, 2018 yilga kelib tayyor mahsulotlar uch turni – ipak xomashyosi, ipak momigʻi va tayyor matoni tashkil etdi. 2021 yilda kamida 5 turdagi ipak mahsulotlari ishlab chiqarilib, asosan eksportgayoʻnaltiriladi.
“Oʻzbekipaksanoati” uyushmasi tashkil etilishi bilan xalqaro aloqalarni mustahkamlash va ilgʻor tajribalarni oʻrganish yurtimizdagi ishlab chiqarishga joriy etish imkoniyatlari yanada kengaydi. Oʻzbekiston 2017 yil 20 senyabrda BMTning Xalqaro ipakchilik komissiyasiga yigirmanchi aʼzo boʻlib kirdi. Oʻtgan yil yanvar oyida Hindistonning Guvahati shahrida Xalqaro ipakchilik komissiyasining navbatdagi konfrensiyasida “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi ishchi guruhi qatnashdi. Uyushma tomonidan investitsiya va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Hindiston, Xitoy, Vyetnam, Janubiy Koreya, AQSH, Italiya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Avstriya, Vengriya, Slovakiya va boshqa davlatlarning salohiyatli investorlari bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatildi. Oʻtgan yil dekabr oyida Vena shahrida “Oʻzbekiston - Yevropa” xalqaro ipakchilik forumi oʻtkazildi.
“Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi vakillari Avstriya, Vengriya va Slovakiyada boʻlib, ushbu davlatlarning ipakni qayta ishlash va dizaynerlik sohasida yetakchi kompaniyalari bilan kelishuv bitimlariimzoladi. Shuningdek, bir qancha xalqaro tashkilotlarning mamlakatimizdagi vakolatxonalari vakillari (BMT Taraqqiyot dasturi, Jahon banki, Yaponiya xalqaro tashkiloti) bilan sohaga grant mablagʻlari ajratish hamda mutaxassislar malakasini oshirish boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi. Natijada 29 nafar mutaxassis Xitoyning Szyansu va Shandun provinsiyalarida zotli ipak qurti urugʻi yetishtirish boʻyicha malaka oshirdi. Shuningdek,55 nafar mutaxassis xorijga malaka oshirishga yuborildi. Uyushma tizimidagi 5 nafar rahbar-mutaxassis Hindiston korxonalarida tajriba almashib qaytdi.
Muxtasar aytganda, tarmoqni xar tomonlama rivojlantirish, mahsulot ishlab chiqarishni koʻpaytirish, qayta ishlashni xalqaro standartlarga yetkazish bilan birga, sohada aholi bandligini taʼminlashgaham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yangi quvvatlarni ishga tushirish hisobidan ipakchilik tarmogʻida 2018 yilda 14,3 mingta doimiy, 554 mingta mavsumiy ish oʻrni yaratildi.
Saidvafo Boboyev,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi