Pillachilik majmuasi bunyod etilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Zulayho Mahkamova Chinoz tumanida qurilishi rejalashtirilgan zamonaviy pillachilik majmuasi loyihasi faoliyatini ko‘zdan kechirdi.
Xitoylik investorlar tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur loyihada tut plantatsiyasi hamda pillachilik majmuasi tashkil etiladi. Xususan, 9,7 gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lib, 260 nafar xotin-qizning bandligini ta’minlash reja qilingan. Shuningdek, 8 milliard so‘m investitsiya kiritilib, bir yilda 350 quti ipak qurti hamda 25 tonna tayyor va yarim tayyor pilla mahsulotlari yetishtiriladi.


Zulayho Mahkamova majmua qurilishini tezlashtirish va uning samarali ishlashini ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi. Aytish mumkin, klaster Xitoy va Vetnamning ilg‘or tajribalari asosida barpo etilishi hamda pilla yetishtirishning innovatsion usullarini joriy etishni ko‘zda tutgan.
Oxirgi yillarda ipak qurti urug‘lari inkubatsiyasini tashkil etish va parvarishlashning asosiy talablari, pillaning ozuqa bazasini rivojlantirishda intensiv tutzorlar barpo etish hamda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish borasida tizimli ishlar qilinmoqda. Asosiy maqsad aholi bandligini ta’minlash va sifatli mahsulot olishga erishishdir.
A.Musayev,O‘zA