Peshkoʻlik pillakorlar daromad olish rejasida
Buxoro viloyati Peshku tumani agrar tuman hisoblanadi. Aholining asosiy qismi qishloq xoʻjaligi bilan shugʻullanadi.
Buxoro viloyati Peshku tumani agrar tuman hisoblanadi. Aholining asosiy qismi qishloq xoʻjaligi bilan shugʻullanadi.
Tumanda koʻp miqdorda tut plantatsiyalari mavjud. Yangi tut plantatsiyalarining yaratilishi natijasida ipak qurti boqish imkoniyati ham kengayib bormoqda.
Buning natijasida tumanda yiliga 3-4 marotaba ipak qurti parvarish qilinmoqda. Bu esa aholi daromadlarini oshirish, bandligini taʼminlash hamda yetishtiriladigan pilla xirmoniga munosib hissa qoʻshishdan dalolat bermoqda.
Ayni kunlarda tuman aholisi 1-mavsumda ipak qurti parvarish qilishni yakunlamoqda. 1 ming 220 nafar zvenolarda jami 2000 quti ipak qurti parvarish qilinmoqda. Parvarish qilinayotgan ipak qurtining 1 ming 811 tasi bugungi kunda 5 yoshda. Hozirda 189 quti ipak qurti bostirilgan, yaʼni voyaga yetib pilla oʻrash uchun sunʼiy dastaga turibdi. Tuman pillakorlari 1-mavsumda 110 tonna pilla yetishtirishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan.
Ipak qurtini parvarishlashda har bir zvenoga 1 qop un (25kg), 10 kg. oʻsimlik yogʻi, 2 kg goʻsht, 10 kg kartoshka, 1 quti (200gr) quruq choy tarqatilgan. Bundan tashqari 150 ming soʻmdan boʻnak(avans) pullari berilgan. Zvenolar 1 quti ipak qurti boqishi natijasida undan 60-65 kg.gacha pilla yetishtirmoqda. Bu esa oʻrtacha 1 mln 275 ming soʻm miqdorda daromad degani.
Hisob-kitoblarga koʻra tuman aholisi birgina ipak qurtidan bir mavsumda jami 2 mlrd 250 mln soʻm daromad oladi.