Pensiya va nafaqalar qayta hisoblanmoqda
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 4 iyundagi “Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra 2021 yilning 1 iyulidan boshlab belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdorida va undan kam pensiya oluvchi shaxslarga pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 20 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov joriy etildi.
Bunda, ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi pensiyalarning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda 256 675 so‘mdan 400 000 so‘mga oshiriladi. Shuningdek, belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan 565 000 so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir va nogironlik bo‘yicha pensiyalari miqdori 565 000 so‘mga yetkaziladi.
Yana bir muhim yangilik — zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori 315 030 so‘mdan 400 000 so‘mga yetkaziladigan bo‘ldi.
Boquvchisini yo‘qotganligi uchun pensiyasi oluvchilarning har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun qo‘shimcha to‘lov joriy etiladi. Pensiya oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori 256 675 so‘mdan 400 000 so‘mga oshirilib va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lanadi.
Bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa esa 513 350 so‘mdan 565 000 so‘mga oshiriladi.
Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Samarqand viloyati boshqarmasi va tuman(shahar) bo‘limlari tomonidan mazkur Farmon ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida rejali chora-tadbirlar belgilab olindi. Dastlabki tahlillarga ko‘ra viloyatda ish staji to‘liq bo‘lmagan eng kam miqdorida (256 675 so‘m) pensiya oluvchilar soni 25 mingtadan ko‘proq. Belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdordan 565 ming so‘mgacha yoshga doir va nogironlik bo‘yicha pensiya oluvchilar 55 ming nafar, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolar 10 mingdan ortiqni tashkil etadi. Boquvchisini yo‘qotganlik uchun pensiya va nafaqa oluvchilar 17 ming, bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar esa 34 ming nafar ekan.
Hozirgi kunda viloyatda bo‘yicha ushbu toifaga tegishli barcha pensiya va nafaqa oluvchilar bevosita kompyuter dasturi orqali saralab olinishi va joriy yilning iyul oyidan boshlab ularga oshirilgan miqdorda pensiya hamda nafaqa pullari to‘lib to‘lab berilishi ta’minlanadi.
Abdurashid RAHIMOV,
Moliya vazirligi huzuridagi
byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Samarqand
viloyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.
O‘zA