Pensiya va nafaqalar miqdori oshdi
Har bir fuqaro haq to‘lanadigan ish bilan shug‘ullanishga haqli. Agarda u inson jismoniy cheklanganligi yoki yoshi sababli ishlay olmasa nima qilish kerak?
Ehtiyojmand insonlarga yordam ko‘rsatish mamlakatning ichki holati baholanadigan muhim ijtimoiy va iqtisodiy ko‘rsatkichga aylanib ulgurdi. Masalan, ma’lum bir davlat byudjet tashkilotlari xodimlariga oylik ish haqi to‘lashni, yoxud mehnatga layoqatsiz fuqarolarga pensiya va nafaqalar berishni to‘xtatsa yoki bekor qilsa, bu iqtisodchilar uchun xavotirli belgi hisoblanadi. Bu davlat o‘zining ijtimoiy va iqtisodiy vazifalarini bajara olmayotganini anglatadi. Aksincha, agarda bunday to‘lovlar miqdori o‘sib borsa, bu barqarorlikdan dalolatdir.
Masalan, Prezidentimizning joriy yil 17 avgustdagi “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi farmoniga binoan, 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdori 1,1 barobarga oshiriladi. Shu bilan bog‘liq xarajatlar Davlat byudjeti va Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Ayni damda barcha ish beruvchilarga ish haqini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga muvofiq oshirish tavsiya etildi.
Farmonda 2021 yilning 1 sentyabridan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – oyiga 822 000 so‘m, bazaviy hisoblash miqdori – oyiga 270 000 so‘m, pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 289 000 so‘m, yoshga doir eng kam pensiyalar – oyiga 565 000 so‘m deb belgilandi. 1 sentyabrdan boshlab bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga– oyiga 622 000 so‘m nafaqa beriladi. Zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa – oyiga 440 000 so‘mgacha oshadi. Belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan 623 000 so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir va nogironlik bo‘yicha pensiyalari miqdori – oyiga 623 000 so‘m bo‘ladi.
1941–1945 yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda – oyiga 2 750 000 so‘m etib belgilandi.
Pensiya va nafaqalar mehnatga layoqatsiz ayrim fuqarolar uchun yagona daromad manbai bo‘lishi mumkin. Bu pullar ularning munosib turmush tarzini saqlab qolishlari uchun kerak.
Roman BONDARCHUK, O‘zA