Soʻnggi yillarda taʼlim tizimi pedagog kadrlarning oylik maoshlari ularning malaka toifalariga mos ravishda oshirilishi anʼanaga aylanmoqda.
Soʻnggi yillarda taʼlim tizimi pedagog kadrlarning oylik maoshlari ularning malaka toifalariga mos ravishda oshirilishi anʼanaga aylanmoqda. Bu esa oʻz navbatida pedagog kadrlarga malaka toifalarini berish boʻyicha attestatsiya jarayonlariga jamoatchilik eʼtiborini yanada koʻproq tortishi tabiiy. Zero, pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazishning asosiy vazifalari oʻquv fani boʻyicha malakasi, dars oʻtish mahorati, mehnati samaradorligi va ijtimoiy-siyosiy bilimlarini oshirgan pedagog kadrlarni ragʻbatlantirish, ish haqi miqdorini oshirish imkoniyatlarini yaratishdan iborat.
Joriy yilda boʻlib oʻtadigan pedagog kadrlar attestatsiyasi rasman boshlanganligi toʻgʻrisida xabar bergan edik. Mazkur mavzu barcha pedagoglar uchun qiziqarli boʻlishini inobatga olib, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boʻlim boshligʻi Safarali Hamrayevga bir necha savollar bilan murojaat qildik.
— Pedagog kadrlar attestatsiyasi qaysi meʼyoriy hujjatlar asosida amalga oshirilishi, jarayonlarni tashkil etilishi va kim tomonidan oʻtkazilishi haqida toʻxtalib oʻtsangiz.
— Pedagog kadrlar attestatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida” Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 392-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat taʼlim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida Nizom” hamda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 16-sentyabrda 3182-raqami bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan “Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat taʼlim muassasalari pedagog kadrlarining attestatsiya natijalarini baholash mezonlari” asosida tashkil etiladi.
Attestatsiya oʻtkazishda taʼlimni boshqarish boʻyicha maxsus vakolat berilgan davlat organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va attestatsiyani nazorat qilish Taʼlim inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Muvofiqlashtirish ishlari attestatsiya jadvallarini ishlab chiqish, tasdiqlash, shuningdek, attestatsiyaga oid faoliyatni tashkil etish boʻyicha qoʻshma qarorlar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etishdan, birinchi, oliy malaka toifali va yetakchi, bosh oʻqituvchi lavozimidagi hamda ushbu malaka toifalari va lavozimlariga talabgor pedagog kadrlar uchun test (yozma, ijodiy ish) sinovlarini oʻtkazishdan hamda ularning natijalarini eʼlon qilishdan, pedagog kadrlarning attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisida sertifikatlar topshirilishini taʼminlashdan iborat.
Oʻquv fani boʻyicha malaka sinoviga oid yozma va ijodiy ish hamda ikkinchi malaka toifasiga va katta oʻqituvchi lavozimiga talabgor pedagog kadrlarning test sinovlarini oʻtkazish tizimida taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda taʼlim turlari boʻyicha Maktabgacha taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Madaniyat vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Bevosita, pedagog kadrlarni malaka toifasida (lavozimida) qoldirish yoki boshqa toifa (lavozim) berish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish tizimida taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralar, maktabgacha taʼlim boshqarmalari, xalq taʼlimi boshqarmalari, madaniyat boshqarmalari, jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari, kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari hamda oliy taʼlim muassasalari attestatsiya komissiyalari, tuman (shahar) va taʼlim muassasalari attestatsiya komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi.
Shuningdek, attestatsiyadan oʻtuvchi pedagog kadrlarning malaka tavsiflarida va baholash mezonlarida belgilangan talablarni bajarganliklari haqidagi tavsiyalarni tayyorlash uchun taʼlim muassasalari rahbarlari buyrugʻi bilan besh kishidan iborat ekspert guruhi tuziladi.
— Pedagog kadrlarning attestatsiya jarayonidan oʻtkazish bosqichlari qanday?
— Attestatsiya ikki bosqichda oʻtkaziladi:
birinchi bosqichda — attestatsiyadan oʻtuvchilarning oʻquv fani boʻyicha malaka (test) sinovi natijalari, dars oʻtish mahorati va mehnati samaradorligi ekspert guruhi tomonidan oʻrganiladi hamda tegishli tavsiyalar tayyorlanadi;
ikkinchi bosqichda — attestatsiya komissiyalari ekspert guruhi tomonidan oʻrganilgan birinchi bosqich natijalarini tahlil qiladi, attestatsiya jarayonida toʻplangan hujjatlar jamlanmasini (portfoliosini) oʻrganadi va pedagog kadrni malaka toifasida (lavozimida) qoldirish yoki boshqa toifa (lavozim) berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Maʼlumki, oʻtgan yildan boshlab pedagoglarga oʻz arizalariga koʻra navbatdan tashqari attestatsiyalar oʻtkazila boshladi. Bu yil ham bu jarayonlar tashkil etiladimi? Tashkil etilsa, unda kimlar ishtirok etishlari mumkin?
— Darhaqiqat, juda oʻrinli savol boʻldi. Albatta bu yil ham pedagoglar uchun navbatdan tashqari attestatsiyalar tashkil etiladi. Bu yilgi pedagog kadrlar attestatsiyasining oʻziga xos tomoni shundaki, pedagoglar uchun navbatdagi va oʻz arizalariga koʻra muddatidan ilgari qatnashayotgan pedagog kadrlar attestatsiyasi bir vaqtda, yaʼni joriy yilning mart-iyun oylarida oʻtkazilishi belgilandi. Jumladan:
- mart oyida malaka sinovlari oʻtkaziladi;
- aprel-may oylarida ekspert guruhlari tomonidan pedagoglarning dars oʻtish mahorati va mehnati samaradorligini oʻrganiladi hamda tegishli tavsiyalar tayyorlanadi;
- may-iyun oylarida attestatsiya komissiyalari ekspert guruhi tomonidan oʻrganilgan birinchi bosqich natijalarini tahlil qiladi, attestatsiya jarayonida toʻplangan hujjatlar jamlanmasini (portfolioni) oʻrganadi va pedagog kadrni malaka toifasida qoldirish yoki boshqa toifa berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Navbatdan tashqari attestatsiyaga 2016-2019-yillarda oʻtkazilgan pedagog kadrlar attestatsiyasida ishtirok etgan pedagoglar uchun oʻz arizalariga koʻra ishtirok etishlari mumkin.
— Attestatsiya jarayonlarini oʻtkazishda kuzatilayotgan kamchilik va muammolar hamda ularning yechimlari haqida nimalar deya olasiz?
— Afsuski, Taʼlim inspeksiyasi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida ushbu jarayonga ayrim hududlarda jiddiy va xolisona yondashilmayotganligi, Nizom talablari qoʻpol ravishda buzilayotganligi, natijalar sunʼiy ravishda koʻtarilib koʻrsatilayotganligi aniqlandi.
Shuningdek, ayrim vazirlik va idoralar tomonidan ikkinchi malaka toifasiga talabgor pedagoglar uchun malaka sinovlarining belgilangan muddatlarda oʻtkazilmayotganligi mutaxassis malaka toifasiga ega boʻlgan pedagoglarning toifalarini oshirish hamda moddiy ragʻbatlantirishga toʻsqinlik qilmoqda.
Bunga bir misol, oʻtgan 2019-yilda Xorazm va Fargʻona viloyatlari xalq taʼlimi boshqarmalari tomonidan Nizom talablarini qoʻpol ravishda buzgan holda, oʻzboshimchalik bilan 7950 nafar ikkinchi malaka toifasiga talabgor mutaxassis malaka toifali pedagoglar uchun malaka (test) sinovlari murakkablik darajasi juda yengil boʻlgan nazorat materiallari asosida“nomigagina” oʻtkazilgan va Xorazm viloyatida 2482 nafar, Fargʻona viloyatida 4812 nafar jami 7294 nafar pedagoglarga ikkinchi malaka toifalari berilgan. Oʻrganish jarayonida Nizom talablariga zid ravishda berilgan ikkinchi malaka toifalari bekor qilindi.
Nizomda attestatsiya komissiyalarining qaroriga koʻra oliy, birinchi, ikkinchi malaka toifasiga yoki bosh, yetakchi, katta oʻqituvchi lavozimiga ega boʻlgan pedagog kadrlarga pedagog kadrning attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi Sertifikat attestatsiya oʻtkazilgandan soʻng bir oy muddat ichida topshirilishi belgilangan boʻlsa-da, Andijon, Fargʻona, Surxondaryo va Xorazm viloyati xalq taʼlimi boshqarmalari tomonidan Nizomda belgilangan muddatlardan 2-3 oy kechikkan holda pedagog kadrlarga attestatsiya natijalari boʻyicha beriladigan “Attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisida Sertifikat”larga buyurtmalar kech berilgan. Bu esa, malaka toifasi koʻtarilgan pedagog kadrlarning oylik maoshlariga qoʻshimcha ustamalar oʻz vaqtida hisoblanmasligiga olib kelgan.
Shuningdek, oʻrganish jarayonida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Fargʻona, Andijon, Buxoro, Surxondaryo viloyat xalq taʼlimi boshqarmalari attestatsiya komissiyalari tomonidan tuman (shahar) va muassasalar attestatsiya komissiyalarining birinchi va ikkinchi malaka toifasiga talabgor pedagog kadrlar attestatsiyasi yakunlari boʻyicha hisobotlari tahlil qilinmagan (Nizomning 29-bandi bajarilmagan)ligi;
Andijon, Fargʻona, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari xalq taʼlimi boshqarmalari tomonidan pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqilmaganligi va oʻquv-seminarlari tashkil etilmaganligi;
Buxoro (Qorakoʻl t, Qorovulbozor t, Peshkoʻ t, Romitan t), Samarqand (Pastdargʻom t, Paxtachi t, Jomboy t, Bulungʻur t, Toyloq t, Narpay t), Qashqadaryo (Nishon t) va Namangan (Namangan sh) viloyatlarida tuman (shahar) attestatsiya komissiyalari tomonidan birinchi malaka toifalari berilgan pedagog kadrlarning attestatsiya hujjatlari toʻliq rasmiylashtirilmaganligi;
Samarqand viloyati Pastdargʻom (45-, 18-, 1-IDUM, 21-, 19-), Payariq (6-, 11-,92-,71-, 94-, 20-, 24-) Toyloq (3-, 4-), Jomboy (23-, 46-, 30-, 5-, 8-), Paxtachi (33-, 22-, 21-), Samarqand sh. (64-, 77-, 5-), Bulungʻur (1-, 2-, 23-, 5-, 36-,13-), Samarqand (41-) tumanlaridagi maktablarda attestatsiya komissiyalari Nizomda belgilangan tarkibda tuzilmaganligi;
Andijon v (Buloqboshi t 2-, 5-, Oltinkoʻl t 4-, 36-, Marhamat t 1-, 6-, 9-, Qoʻrgʻontepa t 13-, 37-maktablar), Jizzax v (Arnasoy t 5-maktab), Qoraqalpogʻiston Respublikasi (Toʻrtkoʻl t 1-, 30-, Beruniy t 38-, Xoʻjayli t 6-maktablari), Jizzax v (Arnasoy t 5-, 20-,) Namangan v (Norin t 30-) Toshkent v (Oqqoʻrgʻon t 6-)ekspertlar guruhlari tomonidan, pedagoglarning dars oʻtish mahorati va mehnati samaradorligini baholashda Baholash mezonlariga rioya qilinmaganligi, qoʻyilgan ballarni asoslovchi hujjatlari mavjud boʻlmasa-da, yuqori ball bilan baholanganligi, pedagog kadrlar shaxsiy hujjatlar jamlamasi Nizom asosida shakllantirilmaganligi holatlari ham aniqlandi.
Shuningdek, oʻrganish jarayonida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan 626 (olti yuz yigirma olti) nafar oʻrta-maxsus maʼlumotli tarbiyachi-pedagoglarga amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga zid ravishda berilgan ikkinchi malaka toifalari ham bekor qilindi.
Yuqorida aniqlangan kamchiliklarni takrorlanishini oldini olish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi va baholash mezonlari bilan tanishtirish boʻyicha pedagoglarga, attestatsiya komissiyalari va ekspert guruhlari aʼzolari uchun oʻquv seminarlar, vebinarlar tashkil etish rejasi ishlab chiqilmoqda.
Shu bilan birgalikda, hududlarda komissiyalar tomonidan attestatsiya jarayonlarining xolisona oʻtkazilishini taʼminlash, taqdim etilayotgan maʼlumotlarning haqqoniyligi ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida attestatsiya komissiyalari tarkibiga Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi vakillari kiritilmoqda.